O‘zA O`zbek

25.03.2020 Chop etish versiyasi

Markaziy Osiyoda karantin choralari kuchaytirildi

Markaziy Osiyoda karantin choralari kuchaytirildi

Qirgʻizistonda 25-martdan boshlab favqulodda holat rejimi joriy qilindi. 15-aprel soat 08:00 ga qadar Qirgʻizistonning uchta shahri va shuncha tumani favqulodda holat rejimida boʻladi. Bu hozir mamlakatning barcha hududida amal qilayotgan favqulodda vaziyatdan ancha keskin choradir.

Qirgʻiziston parlamenti 24-mart kuni navbatdan tashqari majlisda mamlakat prezidentining Favqulodda holat joriy qilish toʻgʻrisidagi farmonini tasdiqladi.

Favqulodda holat rejimi ustidan nazorat oʻrnatish maqsadida prezident va parlament Muvaqqat maxsus organ – komendatura tuzdi, uning rahbari – komendantni tayinladi. Tartib-intizomni nafaqat huquqni himoya qiluvchi idoralar, balki qurolli kuchlar ham taʼminlaydi.

Qirgʻizistonning favqulodda holat hududlarida komendantlik soati joriy qilindi. Kunning belgilangan vaqtida koʻcha va boshqa jamoat joylarida odamlarning boʻlishi taqiqlandi. Uydan koʻchaga chiqish uchun maxsus ruxsatnoma beriladi yoki fuqaroning yonida shaxsni tasdiqlovchi hujjat boʻlishi kerak. Favqulodda holat joriy qilingan joylarda komendantlik soati 20:00 dan ertalabki 07:00 gacha amal qiladi. Tartib-qoidalarni buzuvchilarga nisbatan jinoiy javobgarlik choralari koʻriladi.

Hukumat tegishli farmonlar qabul qilish, aholini koʻchirish, harbiy xizmatga chaqirish va boshqa ishlarga jalb qilish, hatto aloqadan foydalanish boʻyicha alohida qoidalar qabul qilishi mumkin. Umuman olganda, inqirozli vaziyatdan chiqib ketish maqsadida barcha choralarni koʻradi.

Favqulodda holat joriy qilinishida Qurolli kuchlar bosh shtabi tezkor boshqaruvda oliy organ hisoblanadi. Bu idora ichki ishlar, milliy xavfsizlik, fuqaro mudofaasi va boshqa davlat idoralari kuch va vositalarining faoliyatini muvofiqlashtirib turadi. Favqulodda holat joriy qilingan taqdirda hukumat uch kun ichida fuqarolarning huquq va erkinliklari cheklangani haqida BMT Bosh kotibini xabardor qilishi kerak.

Bundan tashqari, 25-martdan barcha ichki aviareyslar toʻxtatildi. Bu haqda respublika shtabi maʼlum qildi.

Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari Qubatbek Boronovning aytishicha, mamlakat ichkarisidagi parvozlar uchun ruxsatnomalar koronavirus boʻyicha Respublika shtabi bilan kelishilgan holdagina beriladi. Ichki reyslar Bishkekdan Oʻsh, Botken va Jalolobodga amalga oshiriladi. Parvozlar qancha vaqtga qadar taqiqlangani borasida xabar berilmagan.

* * *
Tojikiston qoʻshni davlatdagi vaziyat barqarorlashgunga qadar 24-martdan Tojikiston – Qirgʻiziston chegarasidagi barcha oʻtish punktlarini berkitdi.

Tojikiston tashqi ishlar vazirligi bergan xabarga qaraganda, bu “COVID-19 koronavirus pandemiyasi eʼlon qilinishi va yuzaga kelgan epidemiologik vaziyat” bilan bogʻliq.

Xabarda taʼkidlanishicha, mazkur cheklovlar mamlakatga kirayotgan Tojikiston fuqarolari, Tojikistondan chiqib ketayotgan boshqa mamlakat fuqarolari, yuk tashuvchi mashinalar haydovchilari, Tojikistonda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatlar va ularning oila aʼzolari, shuningdek, hukumat delegatsiyalari aʼzolariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Tojikistonning oʻzida koronavirusga chalinish bilan bogʻliq birorta ham holat qayd qilinmadi.

* * *
Qozogʻistonda Qurolli kuchlar safiga bahorgi chaqiriq toʻxtatildi. Bu haqda 24-mart kuni koronavirus bilan bogʻliq vaziyatga bagʻishlangan brifingda Axborot va jamiyat taraqqiyoti vaziri Dauren Abayev Mudofaa vazirligi maʼlumotiga asoslanib maʼlum qildi.

“Favqulodda holat joriy qilinishi munosabati bilan 2019-yil bahorida xizmatga chaqirilgan shaxslarning zaxiraga boʻshatilishi kechiktiriladi. Shuningdek, yoshlarni harbiy xizmatga chaqirish ham toʻxtatiladi”, – deya bayonot berdi Abayev.

Shu bilan birga Mudofaa vazirligi saytida Qozogʻistonda bahorgi chaqiriq amalga oshirilishi borasidagi axborot eʼlon qilindi:

“Qozogʻiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-fevraldagi “Muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan harbiy xizmatchilarni zaxiraga boʻshatish va Qozogʻiston Respublikasi fuqarolarini 2020-yil mart – iyun va sentyabr – dekabr oylarida muddatli harbiy xizmatga chaqirish toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq Qozogʻistonda bahorgi chaqiriq amalga oshiriladi”, – deyiladi vazirlik saytidagi xabarda. Mudofaa vazirligi koronavirus tufayli Qurolli Kuchlar safidan boʻshatish keyinga qoldirilishini ham eslatib oʻtgan.

827
Sharofiddin TOʻLAGANOV, OʻzA