O‘zA O`zbek

23.07.2020 Chop etish versiyasi

Lukashenko Belarusda “siyosiy pandemiya” boshlanganini aytdi

Lukashenko Belarusda “siyosiy pandemiya” boshlanganini aytdi

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning taʼkidlashicha, mamlakatda prezident saylovi kampaniyasi ketayotgan bir paytda “siyosiy pandemiya” kuzatilmoqda. Ammo odamlar ushbu “pandemiya” tufayli qiyinchilikni his qilmasligi kerak.

Chorshanba kuni Lukashenko mamlakatning iqtisodiy sohalari rahbarlari uchun majlis oʻtkazdi. Majlisda u odamlarning kundalik hayoti bilan bogʻliq masalalar rahbarlar eʼtiboridan chetda qolmasligi kerakligini eslatdi.

“Saylov kampaniyasi oʻtadi, siyosiy jarayonlar harorati pasayadi va iqtisodiyot yana jamoatchilik eʼtiboriga chiqadi. Iqtisodiy masalalar hozir ham hech qayoqqa ketgani yoʻq. Shu bois bugun men markaziy va mahalliy hokimiyat organlarining iqtisodiy sohalar boʻyicha rahbarlarini yigʻdim. Maqsadimiz real sektor va xizmatlar, moliya va ijtimoiy sohalar faoliyatini muhokama qilish. 

Ushbu sohalar barchamizning eʼtiborimizda boʻlishi lozim. Yil boshida bizni “neft pandemiyasi” bilan sinashdi, ammo bu muammoni yechdik. Keyin COVID-19 pandemiyasi, “axborot” pandemiyasi paydo boʻldi. Endi siyosiy pandemiya boshlandi”, – dedi Lukashenko.

Ayni damda Belarusda prezident saylovoldi kampaniyasi ketmoqda, ovoz berish 9-avgustga moʻljallangan. Besh kishi nomzod sifatida roʻyxatdan oʻtgan, ular safida Aleksandr Lukashenko ham bor.

1 941
OʻzA