O‘zA O`zbek

04.06.2020 Chop etish versiyasi

Lesottoliklar nega oʻrtacha 37 yil umr koʻradi? YANGI KITOB

Lesottoliklar nega oʻrtacha 37 yil umr koʻradi? YANGI KITOB

AQSH yoki Xitoyning poytaxti-yu pul birligi, rasmiy tili-yu jahondagi nufuzi haqida bugun hatto boshlangʻich sinf oʻquvchisi ham adashmay gapirib bera oladi. Chunki bunday yirik va qudratli mamlakatlar sayyoramizda sanoqli. Ammo dunyoda shunday mitti davlatlar va maʼmuriy hududlar borki, ular haqida koʻpchilik eshitmagan boʻlsa ajab emas.

Masalan, Leon-Liberiya tepaligida joylashgan Serra-Leone Respublikasi toʻgʻrisida sizga nimalar maʼlum? 102 kvadrat kilometr maydonni egallagan Monserrat hududi vulqonlar oroli oʻrnida paydo boʻlganini bilasizmi? Yoxud marjon qoyalardan iborat Mayotta (376 kv. km) haqida qanchalik maʼlumotga egasiz?

Laziz Rahmatovning “Dunyo mamlakatlari: Avstraliyadan Hindistongacha” nomli kitobi ana shunday qiziqarli maʼlumotlarga boy. Unda nafaqat davlatlarning poytaxti, aholisi, maʼmuriy boshqaruvi, pul birligi, hududiy boʻlinishi-yu etnik tarkibi, balki tabiati, tarixi, iqtisodiyoti, vaqt birligi, telefon kodi, internet-domeni, barcha-barchasi haqidagi fakt va raqamlar joy olgan.

Xususan, Malavining umumiy yer maydoni 118,5 kvadrat kilometrga teng. Nufusi 500 ming nafar. Uch mintaqani birlashtiruvchi 28 muzofotga boʻlinadi. Aholisining asosiy qismi nasroniylik diniga mansub, ingliz va chicheva tillarida muloqot qiladi. Milliy valyutasi — Malavi kvachasi. Oʻrtacha umr koʻrish koʻrsatkichi — 55,1 yosh.

“Samo qirolligi”... Dengiz sathidan 1400 metr balandlikda joylashgan ushbu hudud atrofini JAR toʻliq oʻrab turadi. Chegarasining barcha tomonidan faqat bir davlat qurshab olgan dunyodagi uchta mamlakat (Vatikan, San-Marino) safiga kiradi. Sharqiy va janubiy qismida Ajdar togʻlari qad rostlagan. Aholisining 29 foizi OITSga chalinganligi sababli bu yerda oʻrtacha umr koʻrish darajasi 37 yoshga tushib qolgan. Bu oʻlkaning rasmiy nomi — Lesoto qirolligi. Poytaxti — Maseru. Uran, koʻmir, asbest konlari bor. Dunyoda eng yirik olmos ishlab chiqaruvchi hudud. Angor echki yungini ishlab chiqarish boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinda.

Hozir internet orqali istalgan maʼlumotni soniyalar ichida topsa boʻladi, bu kitobga ne hojat, deyishingiz mumkin! Ammo yanglishasiz! Chunki global tarmoqda biror mamlakat haqida bu qadar koʻp maʼlumot yagona materialga batafsil jamlanmagan. Boz ustiga, ularni oʻzbek tilida topish ham mushkul.

Laziz Rahmatovning kitobi shu jihati bilan ham qadrli. Qolaversa, unda qaysi mamlakat haqida soʻz yuritilsa, uning Oʻzbekiston bilan munosabatlari ham tilga olib oʻtiladi.

Avstraliyadan Hindistongacha bilmoqchimiz? Unda mana shu moʻjaz kitobni oʻqing!

2 058
Shohrux Botirov, OʻzA