O‘zA O`zbek

29.03.2020 Chop etish versiyasi

KXDR raketalarining taʼsiri Primoryeda sezilmadi

KXDR raketalarining taʼsiri Primoryeda sezilmadi

Rossiya olimlarining fikricha, Koreya Xalq Demokratik Respublikasi harbiy kuchlari tomonidan uchirilgan navbatdagi sinov raketalari Yapon dengizining Rossiyaga, aniqrogʻi Federatsiyaning eng sharqiy subyekti – Primorye oʻlkasiga tutash qismida hech qanday jiddiy seysmik holatlarni keltirib chiqarmadi. Taxminiy maʼlumotlarga koʻra, shu kunlarda Shimoly Koreya 2 ta raketani sinovdan oʻtkazgan. Bu haqda Rossiyaning sunamilardan ogohlantirish xizmati “Vladivostok“ markazi vakili “RIA Novosti” muxbiriga maʼlum qilgan.

“Mintaqada jiddiy seysmik voqealar qayd etilmadi“, — dedi jumladan suhbatdosh agentlik vakiliga.

Bundan biroz avvalroq “Ryonxap” axborot agentligi Janubiy Koreya harbiylariga tegishli manbalarga tayangan holda KXDR Yapon dengizi tomonga ikki raketa yoʻnaltirgani, maksimal 30 kilometr balandlikda uchirilgan jismlar 230 kilometr masofaga yetib borgani haqida xabar tarqatgandi. “Primgidromet”, yaʼni Primorye oʻlkasi gidrometereologiya xizmati esa oʻz navbatida Shimoliy Koreyadan ehtimoliy uchirilgan raketalar mintaqadagi radiatsiyaviy holatga hech qanday taʼsir oʻtkazmaganini taʼkidlagan.

KXDRdan raketalar uchirilishi mamlakatda “COVID-19” tarqalganini bildiradimi?

Buni Yaponiya Mudofaa vazirligi masʼullari oʻrganadi

Binobarin, ushbu voqeaga kun chiqar yurt hukumatining munosabati umuman boshqacha ekani qiziq. Maʼlum boʻlishicha, Yaponiya mudofaa vaziri Taro Kono qoʻl ostidagi tegishli xodimlarga KXDRning yaqin masofalarga moʻljallangan ballistik raketalar bilan bogʻliq harakatlari toʻgʻrisida tarqalgan xabarlarga oydinlik kiritib, voqealar rivojini mufassal tahlil etish boʻyicha topshiriq bergan. Shuningdek, mulozim portlovchi qurol uchirilishi bilan kechgan bu sinov Shimoliy Koreyada koronavirus infeksiyasi roʻyxatga olingan boʻlishi mumkinligiga aloqadormi yoki yoʻqligini ham aniqlashni buyurgan.

Vazir Taro Kono “NHK” telekanaliga bergan intervyusida, jumladan shunday degan: “Ular (yaʼni, KXDR) xalqaro jamoatchilikka anchayin jadal surʼatlarda tahdid qilishmoqda. Shimoliy Koreyada ham koronavirus aniqlangani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻzga tashlanyapti. Bu ikki voqea bir-biriga daxldor boʻlishi mumkinmi? Biz ana shu ikki masala yuzasidan tarqatilayotgan xabarlarni batafsil oʻrganmoqchimiz“.

Darvoqe, yaponiyalik harbiylar, “Ryonxap” axborot agentligi maʼlumotiga zid ravishda, raketalarning dastlabki va oxirgi manzili oraligʻidagi masofa 250 kilometr ekanini iddao qilishgan. Boshqacha aytganda, kun chiqar yurt OAV tarqatgan xabarlarga qaraganda, raketalar Yaponiyaning iqtisodiy manfaatlari hududiga yaqin joyga tushgan. KXDR raketa uchirgani haqidagi dastlabki xabarlar paydo boʻlgach, Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe darhol barcha masʼul idoralarga kerakli maʼlumotlarni taqdim etish, yuk kemalari harakati va parvozlar xavfsizligini taʼminlash, shuningdek voqealar rivoji, vaziyat talabiga qarab zarur choralar koʻrish yuzasidan tegishli vazifalar berdi.

Yodingizda boʻlsa, Shimoliy Koreya bungacha shu oyning oʻzida uch bor — 2, 9 va 21-mart kunlari ham raketalar sinovini oʻtkazgan.

Internet materiallari asosida

841
Gʻayrat XONNAZAROV, OʻzA