O‘zA O`zbek

11.10.2019 Chop etish versiyasi

Kubada so‘nggi 43 yilda ilk prezident saylandi

Kubada so‘nggi 43 yilda ilk prezident saylandi

Kuba Milliy assambleyasi Migel Dias-Kanelni mamlakat prezidenti etib sayladi. Bu haqda Kuba parlamentining tvitter tarmog‘ida ma’lum qilindi, deyiladi “TASS“ xabarida.


Xabarda qayd etilishicha, Kuba prezidenti lavozimi uchun 17 nafar nomzod da’vogarlik qilgan. Dias-Kanel uchun 605 nafar deputatning 579 nafari ovoz berdi, deya yozdi Kuba Kompartiyasi markaziy Kengashining rasmiy “Granma” nashri.
ma’lumot o‘rnida, 1976 yilda Kubada prezident lavozimi bekor qilingan edi. Davlat rahbari sifatida Davlat Kengashi raisi ko‘rilardi.

Prezident lavozimi mamlakat yangi konstitutsiyasi qabul qilinganidan so‘ng 2019 yilda qayta tiklandi. Prezident parlament tomonidan besh yil muddatga saylanadi. Uning bu lavozimda bo‘lish muddati ikki muddat bilan cheklangan.
Dias-Kanel Davlat Kengashi raisi sifatida Kubaga 2018 yilning aprelidan rahbarlik qilib keladi. U kommunistik inqilobdan beri Kubaga boshchilik qilib kelgan Kastrolar oilasidan bo‘lmagan birinchi rahbardir.


Kuba yangi Konstitutsiyasi 2019 yil fevralida bo‘lib o‘tgan referendumda qabul qilindi. Referendumda ishtirok etgan kubaliklarning 73 foizidan ko‘prog‘i Asosiy qonuni yoqlab ovoz berdi. 

Hokimiyat tuzilmasidagi ayrim o‘zgarishlardan tashqari konstitutsiyada fuqarolarning xususiy mulkka egaligi va erkin bozor tan olingan. 

2 339
O‘zA