O‘zA O`zbek

15.08.2018 18:33 Chop etish versiyasi

Ko‘prik qulashi sababi ma’lum bo‘ldi

Ko‘prik qulashi sababi ma’lum bo‘ldi Avval ma’lum qilganimizdek, 14 avgust kuni Italiyaning Genuya shahri yaqinida avtomobillar harakatlanayotgan ko‘prik qulab tushgan edi.  Ma’lum bo‘lishicha, ko‘prikning qulashi tasodif emas. Italiya shahar prokurori Franchesko Kossi talofat inson xatosi tufayli sodir bo‘lganligini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga qaraganda ko‘prik qurilishi hamda uni ta’mirlanishiga doir hujjatlar va ko‘rsatmalarni jamlash lozim.

Shuningdek, Italiya Bosh vaziri o‘rinbosari, Italiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Luiji Di Mayo ko‘prikning qulashida shahar avtomobil yo‘llarini boshqarish va saqlashga mas’ul Autostrade per l’Italia kompaniyasini aybladi. Uning aytishicha, vazirlik mazkur kompaniya bilan konsessiya shartnomasini bekor qiladi.

“RIO Novosti”ning yozishicha, Autostrade per l’Italia kompaniyasi xodimlari Genuyadagi ko‘prikda ta’mirlash ishlari olib borilganini ta’kidlagan. Uning rahbari Jovanni Kastelluchchi esa ko‘prik konstruksiyasi xavfli ahvolda bo‘lgani to‘g‘risidagi axborotni rad etgan.

14 avgust kuni Genuya yaqinidagi avtomobillar harakatlanayotgan Morandi ko‘prigining 100 metrdan ortiq qismi qulab tushishi natijasida 30-35 tacha avtomobil, ko‘prik osti va yaqinidagi savdo markazlari, sanoat omborlari hamda ayrim aholi uy-joylari talofat ostida qolgan. Ayni vaqtda qurbonlar soni 39 nafarni tashkil etadi. Jabrlanganlar soni 16 nafar bo‘lib, ularning 12 nafari og‘ir ahvolda.

Umida Qurbonova, O'zA
2 720