O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

06.09.2018 11:29 Chop etish versiyasi

Kim Chen In AQSH hukumatiga noma yoʻlladi

Kim Chen In AQSH hukumatiga noma yoʻlladi

Kecha xorijiy OAV xabar berganidek, Shimoliy Koreya yetakchisi Janubiy Koreya prezidentining maxsus elchisi bilan uchrashdi. Pxenyanda boʻlib oʻtgan muloqotda Kim Chen Inga Mun Chje Inning maktubi topshirilgan.

Ryonxap” agentligining yozishicha, oʻz navbatida, KXDR yetakchisi ham Janubiy Koreya prezidentining maxsus elchisiga noma topshirib, uni Qoʻshma Shtatlar hukumatiga yetkazishni soʻragan.

Shuningdek, uchrashuv yakunidan soʻng Kim Chen In AQSH hukumatining Koreya yarim orolini yadroqurolsizlantirish jarayonida ildamlik yoʻq, degan fikriga qoʻshilmasligini bildirgan. Uning soʻzlariga koʻra, Pxungerining demontaj qilinishi mamlakatning yadrosinov oʻtkazish salohiyatini yoʻq qilgan, ayni qadamni esa xalqaro hamjamiyat munosib baholamayapti. Ammo, shunday boʻlsa ham KXDR rahbari Trampning prezidentlik muddati tugagunga qadar yarim orolda vaziyat barqarorlashuvi va AQSH bilan munosabatlar yaxshilanishidan umidvor.

Eslatib oʻtamiz, joriy yil 12-iyunda Singapurda oʻtkazilgan AQSH va KXDR sammitida Donald Tramp va Kim Chen uchrashgan edi. Ikki davlat rahbarlari oʻzaro muloqotda Koreya yarim orolida tinchlikni barqaror taʼminlash va KXDRni mutlaqo yadroqurolsizlantirish, Shimoliy Koreya va Amerika munosabatlarini yaxshilash masalalarini muhokama qilgan.

Malohat Husanova, OʻzA