O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

11.09.2018 16:52 Chop etish versiyasi

Italiya tashqi ishlar vaziri BMT tanqididan norozi

Italiya tashqi ishlar vaziri BMT tanqididan norozi
BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Mishel Bachelet oʻz bayonotida Italiya hukumatining migratsiya boʻyicha yuritayotgan siyosatini tanqid ostiga olgani mamlakat tashqi ishlar vaziri Enso Moavero-Milanezining noroziligini keltirib chiqardi.

Mishel Bachelet bayonotiga koʻra, Italiya muhojirlarni oʻz portlariga kiritmayotgani tuzatib boʻlmas oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Shuningdek, bayonotda aytilishicha, Italiyada kelib chiqishi afrikalik boʻlgan muhojirlarga nisbatan zoʻravonlik va irqiy kamsitish holatlari koʻpaygani haqida kelib tushgan axborotni tekshirish maqsadida BMT mamlakatga oʻz vakillarini joʻnatadi.

RIA Novostining “Radio Capital” dan iqtibos keltirishicha, vazir Moavero-Milanezi BMTning rasmiy vakili migratsiya masalasida Italiya hukumatini nooʻrin tanqid qildi, deb eʼtiroz bildirgan. Uningcha, hukumat migratsiya siyosatini adolatli va xolis olib bormoqda, buning mahsulini Oʻrtayer dengizidagi muhojirlarni qutqarish amaliyotlarida Italiyaning faol ishtirok etib kelayotganida ham koʻrish mumkin.

Yevropa mintaqasi Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlarida davom etayotgan qurolli toʻqnashuvlar, oʻtkir iqtisodiy muammolar sabab kelib chiqqan migratsiya krizisini boshdan kechirmoqda. Italiyaning yangi hukumati esa noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishni asosiy vazifalardan biri sifatida deb belgilab oldi. Natijada soʻnggi ikki oyda mamlakatga noqonuniy kirib kelayotgan migrantlar soni 80-85 foizgacha kamaygan.

Malohat Husanova, OʻzA