Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.12.2017 10:47 Chop etish versiyasi

Italiya pitsasi YuNESKO ro‘yxatidan joy oldi

Italiya pitsasi YuNESKO ro‘yxatidan joy oldi Janubiy Koreyada YuNESKOning nomoddiy madaniy merosni asrash bo‘yicha o‘tkazilgan navbatdagi sessiyasida Neapol (Italiya) pitsasi insoniyatning nomoddiy merosi sifatida YuNESKOning Reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi, deb xabar beradi “The Local”ning (Shvetsiya) Italiyadagi internet nashri.

Italiya o‘z milliy taomi bilan ushbu ro‘yxatdan joy olishga 2010-yildan buyon harakat qilib kelayotgan edi. Italiya pitsayololari sa’y-harakatlari va pitsa tayyorlash san’ati joriy yilda ekspertlar tomonidan munosib baholandi.

Pitsa tayyorlash san’ati avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan Neapolda uch mingga yaqin pitsayolo ish yuritmoqda. Italiya madaniy meros, madaniy faoliyat va sayyohlik vaziri Dario Francheskinining so‘zlariga ko‘ra, yangi yil arafasida Neapol pitsasi YuNESKOning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgani mamlakat uchun muhim e’tirofdir. Zero, 2018-yil Italiyada hukumat tomonidan «Italyan taomlari yili», deb e’lon qilingan.

YuNESKOning Janubiy Koreyadagi sessiyasida, shuningdek, Hindistonning Kumbxa-Mela festivali, Ozarbayjon taomi – dolma, Indoneziyaning pinisi yog‘och yelkanli qayiq tayyorlash texnikasi, Irlandiyaning volinka cholg‘u asbobi ham nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritildi.

O‘zA
6 267