O‘zA O`zbek

29.03.2020 Chop etish versiyasi

Ispaniyada koronavirus bilan bogʻliq vaziyat qanday?

Ispaniyada koronavirus bilan bogʻliq vaziyat qanday?

EFE axborot agentligi bergan maʼlumotga koʻra, Ispaniyada koronavirus pandemiyasi «eng yuqori choʻqqini” zabt etib boʻldi. Endi virusning ortga chekinishi kutilmoqda.

Ispaniya Tibbiy ogohlik va favqulodda vaziyatlarni muvofiqlashtirish markazi direktori Fernando Simonning bildirishicha, ayni vaqtda 4 ming 575 kishi jonlantirish boʻlimida qolmoqda, ularning yarmidan koʻpi Madrid va Kataloniyaga toʻgʻri keladi.

Soʻnggi 24 soat ichida mamlakatda koronavirus bilan kasallanish 12,8 foizga, oʻlim koʻrsatkichi 17,12 foizga oshgan. Virus tashxisi qoʻyilganlar soni 72 ming 248 kishini tashkil etmoqda, ulardan 8 ming 189 nafari yangi kasallangan. Shu vaqtgacha 5 ming 690 nafar kishi vafot etgan boʻlib, ularning 832 nafari oxirgi bir sutkaga toʻgʻri keladi.

Madrid hamon zararlanish oʻchogʻi boʻlib qolmoqda. Shu hafta juma kuni shaharda jami 345 kishi vafot etgan, epidemiya boshlangandan buyon Madridda vafot etgandar 2 ming 757 nafarni tashkil etmoqda.

Hukumat Xitoydan niqoblar, nafas olish uskunalari, qoʻlqoplar va boshqa tibbiyot jihozlari sotib olish uchun yana 50 million yevro ajratgan. Shu kungacha mazkur jihozlar uchun jami 628 million yevro sarflangan.

Ispaniya politsiyasi va jamoat gvardiyasi tarqatgan maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi 24 soat ichida mamlakatda favqulodda vaziyat qoidalariga rioya etmagani uchun 91 kishi ushlangan, qoida buzilishi boʻyicha 10 ming 120 ta shikoyat kelib tushgan. Qoidaga amal qilmagani uchun hibsga olinganlar mamlakat boʻylab 699 kishini tashkil etadi.

952
Mahfuza Ortiqova, OʻzA