O‘zA O`zbek

08.11.2019 Chop etish versiyasi

Impichmentdan so‘ng nima bo‘lishi mumkin: kim, qayerda, qachon?

Impichmentdan so‘ng nima bo‘lishi mumkin: kim, qayerda, qachon?

Politolog Robert Patnem bundan o‘ttiz yil muqaddam “ikki darajadagi to‘qnashuv” nazariyasini olg‘a surgan edi, bu tashqi va ichki darajalar. Unga ko‘ra, xalqaro miqyosda biror bir kelishuvlarga erishishga, o‘sha kelishuvga erishmoqchi bo‘lgan davlatning ichki muammolari to‘sqinlik qilishi mumkin.

Zelenskiy bilan bo‘lgan voqealar fonida Donald Tramp ma’muriyati ushbu darajalarning hech birida biron bir natijaga erishishi shubhali, garchi bu diplomatik ehtiyojlar uchun yuqori darajadagi maxfiylik talab etilishi haqiqat bo‘lsa-da, bu maxfiylik yo‘qoldi.

Bu nafaqat impichment ehtimolini, balki prezident Tramp tomonidan olib borilgan soyadagi tashqi siyosat AQShga ishonchni pasayishini anglatar edi.

Yodingizda bo‘lsa, davom etayotgan shikoyatlarning markaziy ayblovi, bu – Tramp tomonidan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga, siyosiy raqibi Jo Bayden va uning o‘g‘lini tergov qilish uchun bosim o‘tkazish hodisasi edi.

Impichment – Trampning o‘z mavqeidan, tashqi siyosatdan, mamlakat manfaati uchun emas, balki o‘z manfaati uchun siyosiy foyda olish yo‘lida konstitutsiyaviy majburiyatlariga zid ravishda foydalanganligi ortidan kelib chiqmoqda. Bu esa taniqli siyosatchi Tip OʼNilning “barcha siyosat mahalliy xarakterga ega“, degan mashhur da’vosini yo‘qqa chiqarishi mumkin bo‘lgan vaziyat.

TRAMPNING MUAMMOLARI

Shunisi aniqki, Tramp ittifoqchilarga ehtiyoj sezmaydi, garchi Qo‘shma Shtatlar juda ko‘p sohalarda kuchli bo‘lishiga qaramay, diplomatik, texnologik va harbiy muammolarni yecha olmayapti.

Uning Zelenskiy bilan bo‘lgan suhbati yevropaliklarni, xususan, Angela Merkel va Emmanuel Makronni Ukrainaga yordam berishlarining samarasizligi haqidagi da’volar bilan g‘alati ahvolga solib qo‘ydi. Trampning Pekin tomonidan rad etilgan Baydenni tekshirish bo‘yicha Xitoyga qilgan iltimoslari ham Osiyo gigantiga qarshi olib borilayotgan siyosatning jiddiyligini pasaytirmoqda.

Tramp bu bosim ostida qanday tashqi siyosat olib boradi? Xaotik siyosat olib borilayotgan hozirgi paytda bu unga katta muvaffaqiyat keltirgani yo‘q.

Shimoliy Koreyaga yondashuv hali o‘z mevasini bermadi yoki qisqa muddatda undan hosil olish mumkin emas. Xitoy bilan savdo siyosati qayta ko‘rib chiqilmoqda, bu hamma yutqazishi mumkin bo‘lgan urushning sababi, dunyo va AQSh iqtisodiyoti yomon damlarni boshidan kechirayotganligidan bo‘lishi mumkin.

Erishilgan sulh esa shundan dalolat bermoqda. Yevropadagi tariflar Ko‘hna Qit’a bilan uzoqlashishga yordam bermoqda. Trampning Yaqin Sharqdagi siyosati esa Suriyada kurd muammosining notekis boshqarilishi bilan bir qatorda, Obama ma’muriyatidan meros bo‘lib o‘tgan masalalarga ham ta’sir qiladi.

“Chiqish vaqti keldi“ va “ vaziyatni boshqalar hal qilishadi“, deb e’lon qilish Turkiyani IShIDga qarshi kurashda AQShning eng yaxshi ittifoqchilari bo‘lgan kurdlarga qarshi qo‘zg‘atdi. Venesuela haqida gapirmasa ham bo‘ladi.

Eronga qarshi turib, bu mamlakatning yadro quroli bilan ta’minlanishiga to‘sqinlik qilib turgan kelishuvdan chiqqanidan so‘ng, Tramp AQShning harbiy kuch ishlatishiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘ldi (garchi u bundan foydalangan bo‘lsa ham).

Aftidan u yevropaliklarni yadroviy masalalarga qo‘shimcha ravishda mintaqaviy barqarorlik va terrorizmga qarshi kurashni davom ettiradigan yangi bitimni qidirishda, uni qo‘llab-quvvatlashga ko‘ndirgan.

Fors ko‘rfazidagi ikkita neft tankeriga va Saudiyaning strategik neftni qayta ishlash zavodlariga raketa va dronlar yordamida qilingan hujumlardan oldin ham Tramp harbiy yo‘ldan qochgan edi.

Albatta, uning tashqi siyosatini tushunish uchun, avvalo uni boshqaradigan asosiy manfaatlar uning o‘ziga tegishli ekanligini, ya’ni qayta saylanish arafasida saylovchilarga yoqish yo‘li ekanligini tushunishimiz kerak. Shu nuqtai nazardan impichment tashabbusi yanada kutilmagan burilishlarga olib kelishi mumkin.

Tramp dunyoni o‘zgartirish va demokratiyani eksport qilish uchun kuch ishlatuvchi neokonservator emas. U Jon Boltonni milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi lavozimiga taklif qildi. U na konservativ va na izolyatsionist edi. Ammo Davlat departamentining kadrlari, byudjeti, siyosiy vaznini kamaytirdi va razvedka xizmatlarini tanqid qildi.

Trampning siyosati AQShda va ma’lum bir mintaqalarda global barqarorlikni saqlashga hissa qo‘sha olmaydigan darajada tugashi mumkin.

Tramp mashhur siyosatchi Jozef Borrell aytganidek, “kuch tilidan foydalanishni o‘rganishi kerak“ bo‘lgan Yevropani balki ayni shu siyosat bilan uyg‘otayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo qobiliyatsiz va birliksiz tilning o‘zi yetarli emas. Faqatgina Yevropaning o‘zi ham bunga erisha olmaydi.

IMPIChMENT

Yaqin vaqtgacha ushbu jarayonni boshlash imkoniyati juda oz edi. O‘rta muddatli saylovlardan keyin quyi palatada Demokratik partiyaning g‘alabasi sababli Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi ayrimlarning intiqom istaklari va saylovlarni amalga oshirish uchun berilgan mandat o‘rtasidagi muvozanatni topishga harakat qildi.

Uning asosiy qo‘rquvi shundan iborat ediki, Tramp ma’muriyatining oddiy muammolarini gapirib, u 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida mustaqil yoki aniq bo‘lmagan saylovchilarni respublikachilar tomon yo‘naltirishi mumkin edi.

Ehtiyotkorlik bilan Pelosi Vakillar Palatasiga prezidentlik va qonunchilik kun tartibini nazorat qilish, isteblishmentga yaqin bo‘lgan demokratik vakillar va liberallar bilan ish olib borish rolini qaytadan boshladi.

Birinchisi, infratuzilma, dori-darmon narxlari, jinoiy tizimni isloh qilish, immigratsiya va hatto Respublikachilar bilan Xitoyga qarshi siyosat to‘g‘risida gapirishni afzal ko‘radi; ikkinchisi, prezidentga qarshi impichmentni talab qildi va Tramp oilasining, Saudiya Arabistoni va Rossiya bilan bog‘liq moliyaviy masalalar bo‘yicha tergov komissiyalarini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Barcha demokratlar Trampni impichmentga tortish uchun yetarli sabab bor deb bilishadi, Pelosi esa bir vaqtlar Trampni qamoqda ko‘rishni istashini aytgan. Boshida g‘olib chiqmaydigan siyosiy sudni boshlash ma’nosiz edi va bu ularning o‘zlariga qarshi aks ta’sir berishi, masalan, prezident qurbonga aylanib, muxolifatni boshqaruvga yo‘l qo‘ymaslikda ayblashi mumkin edi.

Nensi Pelosi, shuningdek, impichment fuqarolarning qo‘llab-quvvatlashini talab qilishini aytgan. “Jamoatchilik kayfiyati, bu –hamma narsa“, deb odatda u Linkolndan iqtibos keltiradi.

Hozir esa jamoatchilik charchagan. Donald Tramp Myuller hisobotidan keyin amerikaliklardan butunlay oqlanish olmagan bo‘lsa ham, ularning faqatgina 37% impichmentni qo‘llab-quvvatlagan, 59% qarshi bo‘lgan, shu jumladan, demokratlarning 1/4 qismi va Mustaqillarning 2/3 qismi qarshi chiqqan edi.

Biroq Tramp Yevropa safaridan qaytganidan keyin u yangi hujumga duch keldi, 60 nafar qonunchi demokrat va bitta respublikachi unga qarshi siyosiy protsess boshlanishini talab qilishdi. Ammo hozir boshlangan impichment jarayoni Trampni prezidentlikdan iste’foga chiqara olmaydi deb hisoblayman.

Agar impichment Trampning Oq uydan chiqishini anglatmasa va aksariyat amerikaliklar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmasa, nega endi uni boshlash kerak edi?

Myuller ko‘plab demokratlar istagan ommaviy tomoshaning oldini olish uchun o‘z hisobotidan voz kechdi va albatta bunda ularni ayblash mumkin emas.

Quyi palatada ko‘pchilik bo‘lishiga qaramay, ular prezidentga yaqin kishilarni Kongressda guvohlik berishga yoki Trampning eng so‘nggi soliq deklaratsiyasini e’lon qilishga qodir emaslar.

Bundan tashqari, ular qo‘rqadi, tergovni to‘xtatadi yoki mamlakat infratuzilmasini tuzatish rejasini unutishadi.

Donald Trampga qarshi chiqish, impichmentni qo‘llab-quvvatlaydiganlar uchun 2020 yildagi saylovlarda g‘alaba qozonishni anglatadi. Ular uchun hozir siyosiy jihatdan qanday pozitsiya tanlash, (agarda demokratlar saylovda g‘alaba qozongan taqdirda) kelajakdagi pozitsiyalarida aks etishi mumkin.

O‘zgarmas iqtisod va hech qanday katta inqirozga duch kelmagan tashqi siyosat bilan impichment tarafdorlari nazarimda janjallarni yanada kuchaytirishni va ularning salbiy ta’sirini kutishmoqchi, masalan, uchinchi siyosiy shakllanishning paydo bo‘lishini.

Ko‘pchilik AQShning sobiq prezidenti Richard Nikson unga qarshi siyosiy jarayonlar boshlanishidan oldin 67% aholi tomonidan qo‘llab-quvvatlanganini bilsa kerak (Trampda bu 43%), ammo janjallarning ommaviy tarqalishi uning indeksini 25% ga tushirishga olib kelgan edi...

SAYLOVChILAR UChUN ChIGAL VAZIYaT

Donald Trampga qarshi barcha ma’lumotlar birgalikda, yaxlit va oshkora tarzda taqdim etilishi kerak. Chunki bugungi kunda hamma narsa chigallashib ketgan: bu yerda saylovoldi kampaniyasini moliyalashtirish to‘g‘risidagi qonunlarning buzilishi, Konstitutsiya moddalarining buzilishi, bir tomondan hokimiyatni suiiste’mol qilish, ikkinchi tomondan adolatga to‘sqinlik qilish, maxsus prokuror Myuller bir narsani aytib, AQSh bosh prokurori Barr boshqasini talqin qilmoqda.

Hamma narsa tarqoq ketayotgan bir paytda bo‘layotgan janjallar va Tramp o‘zining imtiyozli prezidentlik mavqeini qanday saqlayotgani haqida AQSh fuqarolarida haqiqiy milliy xabardorlik yo‘q.

Impichment hamma narsani o‘z o‘rniga qo‘yadi: rasmiy tergovlar bir joyda –Quyi palatada, aniq ayblovlar – Senatda. Agar bu usul shu tarzda amalga oshirilsa, Donald Trampga qarshi ish boshqa usullarga qaraganda ancha kuchliroq va aniqroq bo‘lar edi va bu Demokratlarni keyingi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonishga olib kelishi mumkin. Shu sababli ular Vakillar Palatasi prezidentiga bosim o‘tkazmoqdalar.

IMPIChMENTDAN SO‘NG NIMA BO‘LIShI MUMKIN?

Hech narsa yoki hamma narsa. Bir paytlar prezident Bill Klinton singari Tramp o‘zini “jodugarlar ovi”ning nishoni sifatida taqdim etadi, ayblovlarni rad etadi va tergovni obro‘sizlantiradi.

U Klinton siyosiy sudga tortilganida, uning mashhurligi oshganida, demokratlar o‘rtada kutilganidan ko‘proq o‘rinlarni egallaganini va Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Nyut Gingrich Kongressni tark etganini biladi.

Nurbek Alimov,

Xalqaro munosabatlar bo‘yicha ekspert


442
O'zA