O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

11.09.2018 11:27 Chop etish versiyasi

Ijtimoiy sohani innovatsion rivojlantirishga bagʻishlangan xalqaro forum

Ijtimoiy sohani innovatsion rivojlantirishga bagʻishlangan xalqaro forum

Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent“ mehmonxonasida “Ijtimoiy sohadagi innovatsiyalar – jamiyat rivojining muhim omili“ mavzusida xalqaro forum boshlandi.

Tadbir “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Konrad Adenauer fondining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarning muhim tarmoqlarini jadal rivojlanishi masalalari, jahon ilm-fanining soʻnggi yutuqlari, zamonaviy innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalarini muhokama qilish maqsadida tashkil etildi.

Unda deputatlar, tegishli vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar, NNTlar vakillari, Germaniya va Yaponiyaning yetakchi taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, xorijiy kompaniya va korporatsiyalar rahbarlari ishtirok etmoqda.

Shuningdek, forumda Germaniyaning Tyuringiya federal yeri sobiq bosh vaziri, doktor Diter Altxaus qatnashmoqda.

Anjumanda mahalliy va xorijlik ekspertlar Oʻzbekistonda innovatsiya sohasini rivojlantirishga doir masalalar, taʼlim sohasini isloh qilish, kadrlar tayyorlashda iqtisodiy zarurat nuqtai nazaridan yondashish kabi mavzularda maʼruza qilmoqda, fikr va takliflarini oʻrtaga tashlamoqda.

Zuhra Mirzaboyeva, OʻzA