“Human Rights Watch” asoschisi vafot etdi
Amerikalik noshir va “Human Rights Watch” tashkiloti asoschisi Robert Bernshteyn 96 yoshida AQShda vafot etdi.
Amerikalik noshir va “Human Rights Watch” tashkiloti asoschisi Robert Bernshteyn 96 yoshida AQShda vafot etdi. Bu haqda “New York Times” gazetasi marhumning oila a’zolariga asoslanib ma’lum qildi.
Robert Bernshteyn 1966- 1990 yillar oralig‘ida “Random House” yirik noshirlik uyini boshqargan. 1970 yillarda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish bilan faol shug‘ullanadi. 1978 yilda ayni yo‘nalishda bir nechta guruhlar tashkil etadi. 1988 yilda ushbu guruhlar “Human Rights Watch” tashkilotiga birlashadi. Bernshteyn 1998 yilda “Human Rights Watch” rahbarligidan iste’foga chiqqan.
Nashrning yozishicha, Bernshteyn hayotining so‘nggi yillarida ta’lim berish va Xitoyda inson huquqlarini himoya qilish kampaniyasi bilan shug‘ullanib kelgan. 2011 yilda u “Advancing Human Rights” tashkilotiga asos
soladi.
Ma’lumot o‘rnida, “Human Rights Watch” nodavlat tashkiloti inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida monitoring olib borish, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa umume’tirof etilgan hujjatlarda bayon qilingan inson huquqlariga doir xalqaro normalarga rioya etilishi to‘g‘risida hisobotlarni e’lon qilish bilan shug‘ullanadi. Kamsitishning oldini olish, inson huquqlariga rioya etilishini tekshirish va ular haqida e’lon qilish, bolalar, xotin-qizlar va boshqalarning huquqlarini himoya qilish “Human Rights Watch” faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridir.