O‘zA O`zbek

14.04.2020 Chop etish versiyasi

Hindistonda karantinni buzganlar oʻziga xos tarzda jazolanmoqda

Hindistonda karantinni buzganlar oʻziga xos tarzda jazolanmoqda

Hindistonning Uttaraxand shtati politsiyasi koronavirus tufayli mamlakatda joriy qilingan karantin tartibini buzgan 10 nafar xorijlikni kechirim soʻrab qogʻozga 500-marta yozishga majbur qildi, deb xabar qiladi Indian Express gazetasi.

Hindiston hukumati koronavirus pandemiyasi sharoitida 25-martdan 14-aprelgacha mamlakatda karantin eʼlon qilgandi. Hukumat aholini sababsiz koʻchaga chiqmaslikka chaqirmoqda. Mamlakatda jamoat transportlari, jumladan, taksi xizmati, metro va temir yoʻllar harakatiga cheklov belgilangan. Shuningdek 14-aprelgacha barcha ichki va xalqaro aviareyslar toʻxtatilgan.

“Bu tartibbuzarlar chet el fuqarolari. Ular ogohlantirilgan va oʻzlari yashab turgan mehmonxonalarda qolish soʻralgan. Ularning har biri qogʻozga “Men tartiblarga amal qilmadim, kechirim soʻrayman“, deb 500-marta yozishga majbur qilindi“, – dedi mahalliy politsiya vakili.

Tartibbuzar sayyohlar AQSH, Avstraliya, Meksika va Isroildan kelishgan ekan.

Politsiya maʼlumotiga koʻra, mazkur okrugda turli mamlakatlardan kelgan 500 ga yaqin turist bor. Politsiya barcha mehmonxonalarga mehmonlar bilan biror bir koʻngilsizlik roʻy bermasligi uchun ularni kuzatib turishni soʻragan. Ushbu koʻrsatmalarga amal qilmagan mehmonxonalar sudga tortiladi, dedi politsiya mahkamasi vakili.

Oxirgi maʼlumotlarga koʻra, Hindistonda koronavirusga chalinish bilan bogʻliq 9 ming 152 ta holat qayd etilgan, 308 bemor vafot etgan.

1 395
OʻzA