O‘zA O`zbek

22.06.2020 Chop etish versiyasi

Germaniya nashrida Oʻzbekistonning koronavirusga qarshi kurashish tajribasi haqida maqola chop etildi

Germaniya nashrida Oʻzbekistonning koronavirusga qarshi kurashish tajribasi haqida maqola chop etildi

Germaniyada chop etiladigan “Neue Zeiten” jurnalining iyun oyi sonida “Oʻzbekiston koronavirus pandemiyasi sharoitida: davlatning qoʻllab-quvvatlovi” sarlavhali maqola chop etildi. Shu haqdagi xabar “Dunyo” AA saytida eʼlon qilindi.

Ushbu maqolada mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi keng tarqalishiga qarshi kurashga samarali yondashuv, shuningdek, ayni jarayonda iqtisodiyot tarmoqlarini qoʻllab-quvvatlash, aholining zaif qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish masalalari qamrab olingan.

Nashrda davlat kasallikka tashxis qoʻyish, virusning tarqalishi oldini olish va xastalikni davolash xarajatlarini toʻliq oʻz zimmasiga olganiga eʼtibor qaratiladi. Shuningdek, sogʻliqni saqlash tizimi imkoniyatlari, pandemiyaning davlat va jamiyat hayotiga salbiy taʼsiriga qarshi turish uchun ishlab chiqilgan moliyaviy mexanizmlar samarasi koʻrsatib beriladi.

Maqolada umumiy fondi 10 trillion soʻm boʻlgan Inqirozga qarshi kurash jamgʻarmasi mablagʻlarining fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror ishlashini taʼminlashga yoʻnaltirilayotganiga alohida eʼtirof etilgan.

“Ushbu fonddan tadbirkorlarga imtiyozli kredit shaklida 500 milliard, ish oʻrinlari yaratish maqsadida ijtimoiy masalalarga 200 milliard soʻm miqdorida mablagʻ yoʻnaltirildi”, - deyiladi maqolada.

Shu bilan birga davlatni qoʻllab-quvvatlashda keng jamoatchilik va tadbirkorlar ham faol ishtirok etayotgani qayd etiladi.

“Ular pandemiya davrida ishbilarmonlar tomonidan aholini qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatini tuzish haqidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning murojaatiga labbay, deya javob berishdi”, deyiladi jurnalda chop etilgan maqolada.

Oʻz navbatida, davlat fuqarolarga yordam qoʻlini choʻzayotgan tadbirkorlarni soliq toʻlashda, lizing, zayom va boshqa shakldagi zarur manbalardan foydalanishda turli imtiyoz va preferensiyalar berish orqali qoʻllab-quvvatlayotgani keltiriladi.

Muallifning soʻzlariga koʻra, mamlakatni qamrab olgan umummilliy harakat Oʻzbekiston xalqining “COVID-19”ga qarshi kurashdagi birligi, birdamligini koʻrsatdi. Prezident tomonidan pandemiya davrida ishlab chiqilgan rivojlanish strategiyasi fuqarolarning mutlaq koʻpchiligi tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan oʻtkazilgan sotsiologik tadqiqotda ishtirok etganlarning 92,3 foizi yuqoridagi fikrni tasdiqlagani ham bunga misol.

Maqolaning soʻnggi qismida yuqori darajadagi hushyorlikni saqlash, iqtisodiyot tarmoqlarini bosqichma-bosqich jonlantirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar bilan bir qatorda Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan karantin talablarini yana-da yumshatish boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilish haqida ham xabar berilgan.

“Yaqin vaqt ichida mingdan ortiq tadbirkorga yer va mol-mulk soligʻi toʻlash muddatini kechiktirgani uchun belgilangan 80 milliard soʻm miqdoridagi jarima bekor qilinadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlarga bojxona toʻlovini 120 kungacha kechikish bilan toʻlashga ruxsat berilishini taʼkidladi. Bundan tashqari, aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun tadbirkorlarga berilgan 500 milliard soʻmgacha (ilgari bunday yordam 10 milliard soʻmgacha edi) boʻlgan kreditlar boʻyicha kompensatsiya miqdori 5 foizdan 10 foizgacha oshiriladi. Umuman olganda, iqtisodiyot va fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash uchun byudjetdan 2 trillion soʻmdan koʻproq mablagʻ ajratiladi», deya yakun yasaladi nashrdagi maqolaga.

1 838
OʻzA