O‘zA O`zbek

15.04.2019 11:31 Chop etish versiyasi

Gamburgda O‘zbekistonga oid fotoko‘rgazma bo‘lib o‘tdi

Gamburgda O‘zbekistonga oid fotoko‘rgazma bo‘lib o‘tdi

Kuni kecha Germaniyaning Gamburg shahrida O‘zbekistonning qadimiy va boy madaniyati, noyob osori-atiqalari, ziyorat turizmi salohiyati haqida hikoya qiluvchi fotoko‘rgazma o‘tkazildi. 

O‘zbekistonning GFRdagi elchixonasi, Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmada Gamburg universiteti professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar va O‘zbekiston vakillari ishtirok etdi.

Ko‘rgazmani tashkil etishdan asosiy maqsad – jahonning yetakchi tadqiqot markazlari, ekspert va ilmiy doiralarni mamlakatimizning qadimiy va boy tarixi, tanti va olijanob xalqi, bu ko‘hna zaminda asrlar davomida shakllangan bag‘rikenglik madaniyati bilan tanishtirish, O‘zbekistonning xorijdagi do‘stlari safini yanada kengaytirishdan iborat.

Tadbir davomida Germaniya ilmiy jamoatchiligiga so‘nggi yillarda mamlakatimizdagi diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi islohotlar, islom madaniyati va ilm-fani tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk alloma ajdodlarimiz ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganishga qaratilayotgan e’tibor haqida taqdimotlar o‘tkazildi.

Muloqotlar Gamburg universitetining Osiyo va Afrika institutida davom etdi. Unda Gamburg universiteti bilan hamkorlik istiqbollari muhokama etildi. 

Tomonlar birgalikda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, germaniyalik professor-o‘qituvchilarning O‘zbekistonda ma’ruzalarini tashkil qilish, tadqiqotchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, noyob qo‘lyozmalarni qayta tiklash bo‘yicha hamkorlikka oid dastlabki kelishuvlarga erishdilar.

1.jpg
“Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan ulamolar islom sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shganlar”, - deydi biz bilan suhbatda Gamburg universitetining Osiyo va Afrika instituti professori Yurgen Paul. “Mo‘g‘ullar istilosidan avval Movarounnahr Qur’on, hadis, kalom va boshqa islom ilmlarining umumjahon markazi bo‘lgan. Ushbu taraqqiyot bu o‘lka tarixining keyingi davrlariga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmagan. Ayniqsa, temuriylar davrida tasavvuf va islom falsafasi kabi ilmlarning rivojlanishi kuzatildi. Biz qadimiy va noyob qo‘lyozmalarni o‘rganish sohasida o‘zbekistonlik talaba va tadqiqotchilarni Germaniyada ko‘rishdan mamnun bo‘lamiz”.

Gamburg universitetining Osiyo va Afrika instituti direktori, “Der Islam” jurnali bosh muharriri, professor Stefan Heydeman ko‘rgazma taassurotlari haqida, jumladan, quyidagilarni ta’kidladi: “Atlantika okeanigacha yetib borgan islom sivilizatsiyasi 2 ta asosiy markazga ega bo‘lgan. Biri katta va unumdor hududga ega Markaziy Osiyo bo‘lsa, ikkinchisi Iroq yerlaridir”. Turli davrlarda, jumladan, saljuqiylar hukumronligi vaqtida Markaziy Osiyo madaniy va siyosiy markaz vazifasini o‘tagan. Bu yerda ijtimoiy hayotning barcha sohalari taraqqiy etgan, shaharsozlik rivojlangan. Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlari islom madaniyati rivojida qanday ahamiyatga ega bo‘lganini tasavvur qilishimiz mumkin. Ushbu madaniyat Xitoy, Eron, arab diyorlari, O‘rta Yer dengizi mamlakatlari bilan o‘zaro ta’sirda bo‘lgan va doimo bir-birini boyitib kelgan.

Hech shubhasiz, Markaziy Osiyosiz islom sivilizatsiyasi bunday olamshumul taraqqiyotga ega bo‘lmas edi.

2.jpg
Islom sivilizatsiyasining tarixiy maqomini va bugungi kunga ta’sirini o‘rganishni mahalliy tadqiqotchi va olimlarsiz amalga oshirib bo‘lmaydi. Shu bois Gamburg universitetining Osiyo va Afrika instituti O‘zbekiston markazlari bilan keng ko‘lamli hamkorlikni amalga oshirmoqchi. Jumladan, Islom sivilizatsiyasi va Imom Buxoriy markazlari bilan qo‘lyozmalarni saqlash hamda tadqiq etish sohasidagi hamkorligimiz samarali bo‘lishiga ishonaman. Shuningdek, islom teologiyasi yo‘nalishida talaba va tadqiqotchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yishga, o‘zaro tajriba almashishga tayyormiz”.

Delegatsiya a’zolari Gamburgdagi Qadimiy qo‘lyozmalar madaniyatini o‘rganish markazida ham bo‘lib, noyob kitoblar va tarixiy ashyolarni qayta tiklash, tadqiq etish faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan mazkur laboratoriyada qo‘lyozmalarning kitobat tarixi, yozuv uslubiga oid tadqiqotlar amalga oshiriladi. Laboratoriyada qo‘lyozmalarning shikast yetgan varaqlaridagi o‘chib ketgan yozuvlarni qayta tiklash imkoniyati mavjud. “Yaqinda katta ilmiy ahamiyatga ega yangilikning ustidan chiqdik”, - deydi laboratoriya ilmiy xodimi Sebastian Bosh. “O‘rta asrlarga oid nodir qo‘lyozmani o‘rganishimiz chog‘ida qayta yozilgan yozuv ostida qadimiy musiqa notalari mavjudligini aniqladik. Bu nota Yevropa musiqa madaniyatining unutilayozgan nusxasi bo‘lib chiqdi”.

Shubhasiz, ming yillik tarixdan hikoya qiluvchi qadimiy qo‘lyozmalarni asrab-avaylash, ular o‘z qatida saqlab kelayotgan haqiqatlarni oshkor qilishda zamonaviy yondashuvlarga ega tadqiqotlar muhim ahamiyatga ega. Gamburdagi Qadimiy qo‘lyozmalar madaniyatini o‘rganish markazi tajribasi esa ushbu sohada O‘zbekiston markazlariga as qotadi.

O‘zA
447