O‘zA O`zbek

09.10.2018 Chop etish versiyasi

Fransiya matbuotining bugungi bosh mavzusi — Oʻzbekiston

Fransiya matbuotining bugungi bosh mavzusi — Oʻzbekiston

Fransiya matbuotida yurtimiz, uning tarixi, madaniyati va zamonaviy taraqqiyoti haqida hikoya qiluvchi materiallarga keng oʻrin berilmoqda.

“Le Monde” gazetasi rasmiy Toshkentning Afgʻoniston boʻyicha yangilangan siyosatini yuqori baholaydi. Oʻzbekiston afgʻon hukumati va “Tolibon” oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri tinch muzokaralar oʻtkazilishi tarafdori boʻlibgina qolmay, buning uchun sharoit yaratib berishga ham tayyordir. Toshkentning ushbu masala borasidagi pozitsiyasi dunyoning koʻplab davlatlari tomonidan olqishlanmoqda va qoʻllab-quvvatlanyapti.

“Le Monde” oʻlkamizda madaniyat obidalarini asrab-avaylash, maʼrifiy islom gʻoyalarini targʻib qilish, muqaddas qadamjolarni obodonlashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni ijobiy baholaydi. Davlatimiz rahbarining Oʻzbekistonda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Xalqaro islom akademiyasini tashkil etish borasidagi tashabbuslariga nihoyatda muhim qarorlar, deya tavsif beriladi.

“Courrier International” haftalik gazetasida taʼkidlanishicha, “2018 yil dunyo tarixida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomi bilan qoladi. Aynan uning saʼy-harakatlari tufayli Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻzaro eʼtirozlar va ishonchsizlikni yengib oʻtib, uzoq yillardan keyin ilk bor Ostona shahrida mintaqaviy sammit oʻtkazishdi. Oʻzbekiston rahbari qisqa muddatda barcha qoʻshnilar bilan aloqalarni yoʻlga qoʻya oldi”.

“Mamlakat ichki hayotida ham muhim oʻzgarishlar sodir boʻldi. Shavkat Mirziyoyev boshlagan islohotlar kuzatuvchilar tomonidan liberallashuv, qayta fikrlash va iliqlik singari tushunchalar bilan eʼtirof etilmoqda. Ushbu jarayonda respublika ichki barqarorlikni saqlab qolayotgani eʼtiborga molikdir. Tadbirkorlarga valyutadagi daromadlarni topshirmaslikka ruxsat berildi. Koʻplab cheklovlar bekor qilindi. Paxta dalalari maydoni kamayib, ularning oʻrniga oziq-ovqat ekinlari ekilmoqda. Biznes uchun yangi imkoniyatlar ochilayotir”, deb yozadi jurnalistlar.

“Skyscanner” sayyohlik jurnalida “har qanday sayyohni hayratda qoldiradigan shahar” — poytaxt Toshkent haqida katta reportaj chop etildi. Shahar boʻylab sayohatni uning bozorlaridan boshlagan maʼqul, deydi muxbirlar. Masalan, Chorsu bozori oʻzbek madaniyatini tushunish va unga “singib ketish” imkonini beradi.

“Chorsuda mahalliy urf-odat va anʼanalar xilma xilligini koʻrish mumkin. Umuman olganda, oʻzbekona bozor shunday joyki, bu yerda sizning his-tuygʻularingiz harakatga aylanib, koʻzingizga tushgan hamma narsani sotib olishni istaysiz”, deyiladi “Skyscanner”da.

Toshkent muzeylari oʻziga xos tarixga ega. Ularning har biri oʻlka oʻtmishi haqida soʻzlaydi. Masalan, Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyida boʻlsangiz, oʻzbek zaminida ilk odamlar paydo boʻlgan davrlarga “sayohat” qilishingiz mumkin. Toʻrt qavatdan iborat maskanda eksponatlar juda noyobligi bilan mashhur.

“Toshkent sayyohlarni oʻzining beqiyos muhiti, uy-joy va transportning arzon narxlari, mazali taomlari, goʻzal metropoliteni va keng bogʻlari bilan ohanrabodek tortadi. Agar hali bu yerda boʻlmagan boʻlsangiz, albatta, Toshkentga boring! Afsus qilmaysiz!”, deya oʻquvchilarga murojaat etadi “Skyscanner”.

manba: xs.uz

111 816
OʻzA