O‘zA O`zbek

09.07.2019 14:56 Chop etish versiyasi

Falokatga yuz tutgan harbiy omborlar va ular yetkazgan talafotlar​...

Falokatga yuz tutgan harbiy omborlar va ular yetkazgan talafotlar​...


Harbiy omborlar va zavodlar portlashi eng talafotli falokatlar sirasiga kirishi sir emas. Darhaqiqat, tahlillar va taxminlarga ko‘ra, aksariyat bunday portlashlar omborlardagi ehtiyotsizlik va e’tiborsizlik tufayli yuz beradi. Xususan, saqlanayotgan qurol-aslahalarning eskirishi oqibati ham halokatlarga sabab bo‘ladi.

Joriy yilning 24 iyun kuni Qozog‘istonning Turkiston viloyati Aris shahridagi harbiy qismda o‘q-dorilar saqlanadigan omborda portlashlar yuz berdi. Buning oqibatlari hudud ahli bilan birga keng jamoatchilikka qayg‘uli ta’sir etdi. 45 ming aholi istiqomat qiladigan hududda odamlar evakuatsiya qilindi. Jarohat olganlar va halok bo‘lganlar qayd etildi. Aytish joizki, qurol-aslahalar saqlanadigan omborlarning portlashi bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar dunyoning boshqa hududlarida ham kuzatiladi.

ROSSIYa.

Rossiyada ham harbiy omborlarning portlashi bilan bog‘liq hodisalar yuz bergan edi.

Dzerjinsk, 2018 yil. Rossiyaning Dzerjinsk viloyatidagi o‘q-dorilarni utilizatsiya qilish zavodida texnologik jarayonlardagi xatoliklar oqibatida portlash yuz berdi. Unga qadar Rossiya Atrof-muhit, texnologiya va yadro nazorati federal xizmatiga ushbu zavodda texnologik portlashlar haqida bir necha marta xabarlar kelib tushgan.

Dzerjinsk, 2019 yil. Joriy yilning iyun oyi boshlarida Dzerjinsk shahridagi “Kristall” kimyo zavodida yuz bergan texnogen falokat oqibatida butun zavod va unga tutash qurol-aslahalar saqlanadigan omborda kuchli portlash yuz bergan. Oqibatda 116 kishi turli darajada jarohatlangan.

Surishtiruvlar natijasiga ko‘ra, ushbu texnogen falokat trotil ishlab chiqarish jarayonida sodir etilgan texnologik buzilish oqibatida yuz berganligi aniqlangan.

Voronej, 2019 yil. Dzerjinsk hodisasidan ikki hafta o‘tar-o‘tmas Rossiyaning Voronej viloyatidagi harbiy dala poligonida ham yong‘in yuz bergan edi. Yong‘inning kelib chiqish sababi qurigan o‘tlar bo‘lgan. Yong‘in oqibatida jabrlanganlar va moddiy ziyon qayd etilmagan.

UKRAINA.

O‘q-dorilar saqlanadigan omborning portlashi Ukrainada ham tez-tez yuz beradigan baxtsiz hodisalardan hisoblanadi. Xususan, bunday fojialar mamlakat hududida so‘nggi besh yil ichida 4 marta kuzatildi.

Lugansk, 2015 yil. 2015 yilningoktabr oyida Ukrainaning Lugansk viloyatidagi qurol-yarog‘lar saqlanadigan omborda yuz bergan portlashda 5 kishi halok bo‘ldi, 100 dan ortiq bino vayron bo‘ldi.

Xarkov, 2017 yil. Shu yili Ukrainada portlashlar bilan bog‘liq bunday hodisa ikki marta yuz bergan. 23 mart kuni Xarkov viloyatida 150 ming tonna o‘q-dori saqlanadigan omborning portlashi oqibatida 2 kishi halok bo‘lgan. Hududdagi 20 ming aholi evakuatsiya qilindi. Portlash xavfi bo‘lgan vositalardan tozalash ishlari esa ikki oy davom etdi.

Vinnis, 2017 yil. 26 sentabr kuni Ukrainaning Vinnis viloyatida mina va raketalar saqlanadigan omborxonada yuz bergan portlashda 35-40 ming tonna o‘q-dorilar yo‘q bo‘lgan.

Chernigovsk, 2018 yil. 9 oktabr tun mahalida Chernigovsk viloyatida Ukraina mudofaa vazirligiga qarashli bo‘lgan o‘q-dorilar omborida kuchli portlash, uning ortidan yong‘in yuz berdi. Uch kun davom etgan yong‘in 70 ming tonna o‘q-dorilar saqlanadigan omborni deyarli 95 foizini yo‘q qildi.

BUYuK BRITANIYa. 2018 yil, 10 avgust kuni Buyuk Britaniyaning Solsberi shahridagi harbiy texnika ishlab chiqarish zavodida yuz bergan kuchli portlash oqibatida bir kishi halok bo‘lgan.

HINDISTON. 2016 yilning 5 iyun kuni shri-Lankadagi harbiy qism tarkibidagi o‘q-dorilar saqlanadigan omborxonada portlash oqibatidagi yong‘inda bir kishi halok bo‘ldi. 50 ga yaqin kishi jarohatlandi. Minglab aholi o‘z boshpanalarini tark etishga majbur bo‘ldi.

EKVADOR. 2016 yil 7 noyabr kuni Ekvadorning Latakunga shahrida harbiy omborxonadayaroqlilik muddatidan o‘tgan qurol-aslahalardan kelib chiqqan portlash oqibatida bir harbiy halok bo‘lgan.

O‘ZBEKISTON. 2008 yilning iyul oyida Buxoro viloyatining Kogon shahridagi raketa-artilleriya omborxonasida yuz bergan portlashda 3 kishi halok bo‘lgan, 20 dan ortiq kishi jarohatlangan edi.


Zuhra MIRZABOEVA, O‘zA
671