Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.04.2018 14:57 Chop etish versiyasi

Facebook: “O‘zingga ehtiyot bo‘l, o‘zgani o‘g‘ri tutma!”

Facebook: “O‘zingga ehtiyot bo‘l, o‘zgani o‘g‘ri tutma!” Endilikda “Facebook” kompaniyasi shaxsiy ma’lumotlari uchinchi shaxsning qo‘liga tushishi mumkin bo‘lgan foydalanuvchilariga bildirishnoma yuboradi va maxfiylik sozlamalarini o‘zgartirishni taklif qiladi.

Bu haqda kompaniya sayti ma’lum qildi.

Foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlari xavfsizligi shubha ostida bo‘lsa, akkauntning yangiliklar tasmasida bildirishnoma paydo bo‘ladi. Shu asnoda foydalanuvchiga uning shaxsiy ma’lumotlari bilan o‘rtoqlashgan qaysidir sayt yoki dastur haqida xabar beriladi. Va Feysbuk qo‘lga tushgan “o‘g‘ri”larni “qora ro‘yxat”ga qo‘shib qo‘yadi. Shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi shubha ostida bo‘lmagan akkauntlarga ham ehtiyot choralari ko‘riladi. Ya’ni akkauntga tegishli ma’lumotlar bo‘yicha so‘rov bergan barcha saytlar va ilovalar ro‘yxatini yuborib, ularni tekshirib ko‘rishni taklif qiladi.

Aslida kompaniya tomonidan bunday taklif ishlab chiqilishida AQShdagi prezidentlik saylovida Donald Tramp shtabi bilan hamkorlik qilgan “Cambridge Analytica” firmasining “qilmishi” sabab bo‘ldi. Saylov kampaniyasida mazkur firma Feysbukning 87 million foydalanuvchisi shaxsiy ma’lumotlar bazasiga noqonuniy kirgan bo‘lgan. Joriy yilning 9 aprelida esa “Apple” asoschilaridan biri Stiv Voznyak foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlari xavfsizligini ta’minlay olmagan Feysbukdan o‘z sahifasini o‘chirib tashlaganini ma’lum qildi. “SpaceX i Tesla” rahbari Ilon Mask ham “#deletefacebook” fleshmobi doirasida Feysbukdagi sahifasini o‘chirib tashlagan.

Malohat Husanova, O‘zA
1 946