O‘zA O`zbek

03.06.2020 Chop etish versiyasi

Eron koronavirusning ikkinchi toʻlqiniga tayyorgarlik koʻrmoqda

Eron koronavirusning ikkinchi toʻlqiniga tayyorgarlik koʻrmoqda

Eron koronavirus tufayli yuzaga chiqqan COVID-19 pnevmoniyasi pandemiyasining ikkinchi toʻlqinidan ogohlantirilmoqda.

Bu haqda mamlakat sogʻliqni saqlash vaziri Said Namakiyning soʻzlariga tayanib, “Reuters” xabar bergan. Ushbu holatga mamlakatda karantin cheklovlari muddatidan oldin bekor qilinishi sabab boʻlgani aytilmoqda.

Vazirning taxminicha, kasallanganlar soni ortishi davom etadi, shuning uchun ham hali infeksiya ustidan toʻliq gʻalaba haqida gapirishga erta. “Agar odamlarimiz shu tariqa ehtiyotkorlik choralariga rioya qilmay yuraverishsa, yomonroq ahvolga tayyor turishimiz kerak”, — deb hisoblaydi mulozim. Namakiy, shuningdek navbatdagi qoʻzgʻalish yana-da kuchliroq zarba berishi mumkinligini qoʻshimcha qilgan.

Qayd etilishicha, Eronda ehtiyot choralarini yumshatish aprel oyidayoq boshlangan. Aniqlanayotgan yangi bemorlar soni esa haliyam kuniga 3 mingga yaqin nafarga oshib boryapti. Har kuni 80-90 ta oʻlim holati roʻy beryapti.

May oyi oxirlarida amaldagi rejimga qarshi kuchlar vakillari mamlakatda koronavirus rasman eʼlon qilingan vaqtdan bir oycha oldin paydo boʻlganini roʻkach qilib chiqishdi. Tez yordam xizmatidan olingan xabarga koʻra, 2020-yil 28-yanvar kuni Xitoy elchixonasining uch nafar xodimi COVID-19 belgilari bilan shifoxonaga olib ketilgan.

Soʻnggi maʼlumotlarga qaraganda, Eronda koronavirusga uchragani aniqlangan fuqarolar soni 157,5 mingdan oshdi. 7,9 mingdan ziyod kishi halok boʻlgan.

2 129
OʻzA