O‘zA O`zbek

10.10.2018 Chop etish versiyasi

Elen Peloss xonim: "Xalqingizning mehri meni Oʻzbekistonga tortaveradi"

Elen Peloss xonim: "Xalqingizning mehri meni Oʻzbekistonga tortaveradi"

Buxoro shahar Arabon koʻchasidagi “Elen Oazis” mehmon uyidan Toqi Sarrofongacha boʻlgan masofa nari borsa 100 metr. Bu yoʻlni atigi bir-ikki daqiqada bosib oʻtish mumkin. Elen Peloss xonim esa kamida 15-20 daqiqa yuradi.

– Bir tomoni Labi hovuzga, bir tomoni boshqa toqlarga eltadigan Toqi Sarrofongacha borishga koʻp vaqt ketadi, – deydi Elen Peloss xonim. – Yoshim yetmishdan oshganining bunga daxli yoʻq. Yoʻl-yoʻlakay uchragan qoʻshni bormi, hunarmandmi yoki tanish boʻlib qolgan shu yerlik odamlar toʻxtab, hol-ahvol soʻrashadi. Qayergadir shoshib turgan boʻlsak ham albatta gaplashamiz, hol soʻraymiz. Bu oʻzbeklargagina xos ajoyib odat. Yoshlar Elen momo yoki Elen xola, sal kattalari Elen opa, deb murojaat qilishadi. Baʼzan rasmiychasiga Elen yo Elen xonim, deguvchilar ham uchrab turadi. Endi bu yevropacha odat. Kamina buxoroliklarning qadrdoniga aylanib qolganman, desam, toʻgʻri boʻladi. Ish boshlagan kezlarimda bu xayolimga ham kelmagan. Yevropacha oʻylaganman-da!

261a5d85-94b2-4d7f-8381-c9c243eb6790.jpg

Elen Peloss xonim Fransiya fuqarosi. Lion shahrida tugʻilib oʻsgan. Katta oilasi bor. Kasbi musiqachi. Sayyohlikni xush koʻradi. Oʻzining aytishicha, turli mamlakatlarda boʻlgan. Oʻzbekistonning Samarqand va Xiva kabi tarixiy shaharlariga takror-takror borishni, tarixiy obidalarni tomosha qilishni xush koʻradi.

Buxoroga mehri boʻlakcha. Ana shu mehr sabab Elen xonim hayotining bir qismini Buxoro bilan bogʻlagan. Ilgari sayyoh sifatida kelgan fransuz ayoli endi oʻzi turistlarga xizmat koʻrsatmoqda. Arabon koʻchasidagi taʼmirtalab holga kelib qolgan, sakson yil ilgari qurilgan uyni sotib oldi. 2015 yilda sarmoya sarflab, zarur sharoitlarga ega mehmon uyi tashkil etdi.

Viloyatda xorijiy investor tomonidan faoliyati yoʻlga qoʻyilgan yagona “ Elin Oazis” mehmon uylari orasida oʻz oʻrnini topdi.

Bugungi kunda Buxoro shahrida 100 dan ziyod xususiy mehmonxona faoliyat yuritadi. Ularning 30 ga yaqini koʻhna shaharning qadimiy koʻchalarida mehmon uylari sifatida roʻyxatdan oʻtgan. Vohaning mahalliy meʼmorlik anʼanalari uslublari muhrlangan bu sayyohlik xizmati maskanlarida milliylik ufurib turgan boloxonali, tokchali uylarda bir-necha kun tunash, hordiq chiqarishni xohlovchi xorijiy sayyohlar koʻp.

Elen xonim bilan uning ishchi qabulxonasida suhbatlashar ekanmiz, u bizni ichkari hovli va xonalar bilan tanishishga taklif qiladi. Mulozamatida oʻzbekona, darvoza oldidan qaytmang, degan lutf seziladi. Atrofi xonalar bilan oʻralgan kichikroq hovliga kirsangiz, saranjom-sarishtalik, yashnab turgan gullar dilingizga ajib kayfiyat bagʻishlaydi. Xonalar devoridagi xos tokchalar, bezaklar buxorocha.

Bir soat atrofida suhbatlashgan boʻlsak, bir necha bor qoʻngʻiroq boʻldi. Mehmon uyi xodimi Ruhangiz Gʻulomova murojaatlarga iltifot bilan ikki haftagacha oʻrinlar bandligini bildirdi.

cca8c7f5-6fb9-4233-ad06-85f08dc5f8b7.jpg

– Buxoroga kelayotgan sayyohlar oqimi tobora koʻpaymoqda, – deydi Elen xonim. – Mehmonxonamiz misolida aytadigan boʻlsam, 2015 yilda 365 kishiga xizmat koʻrsatgan edik. Joriy yilning oʻtgan davrida 944 kishini qabul qildik. Sayyohlik mavsumi yakunigacha ular soni yanada oshadi. Odatda, xonalar buyurtma asosida oldindan band qilinadi. Lekin baʼzan bir kunlik safarga kelganlar ham murojaat qilib turishadi. Ularni atrofdagi xususiy mehmonxonalarga yoʻnaltiramiz.

“Elen Oazis” nafaqat Buxoroda, balki yurtimizning turli hududlaridagi turfirmalar bilan yaqin hamkorlik qilib, ishonch qozongan.

– Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga safari arafasida fransiyalik sayyohlar uchun vizasiz tartib joriy etilgani juda zoʻr voqea boʻldi, – deydi Elen xonim. – Oʻlkangizni, Buxoroni tomosha qilgani keladigan yurtdoshlarim koʻpayadi. Sayyohlik faqat daromad manbai emas, ayni paytda oʻzaro madaniy aloqalarni rivojlantirish, odamlarning bir-birini anglashi uchun ham muhim.

Elen xonimning baxtiyor oilasi – farzandlari, nevaralari va qarindoshlari bor. U oʻz yurtiga borganida Lion shahrida Buxoro hunarmandlari tomonidan yaratilgan miniatyura sanʼati asarlari, soʻzanalar, yogʻoch oʻymakorligi, kulolchilik buyumlaridan koʻrgazma tashkil qiladi.

– Buxorodagi xususiy mehmon uyimni ijaraga berib, Fransiyada yashayverishim ham mumkin, – deydi Elen xonim. – Lekin goʻzal obidalaringizni, mehmondoʻst odamlaringizni hamma yerda uchratmayman-da. Shu mehr


meni oʻziga tortaveradi. Fransiyadan qaytishim bilan hamkasblarim, qoʻshnilar atrofimni oʻrab olib, qarindoshlaridek izzat-ikrom koʻrsatishganlarida-ku, dunyodagi eng baxtiyor insonga aylanaman. Koʻz yoshimni yashira olmayman. Bunaqasini boshqa yurtlardan topolmaysiz-da. Bu yerda oʻzingni sira begona his qilmaysan, qilolmaysan ham, qoʻyishmaydi. Seni oʻz odamlaridek biladigan oʻzbeklar orasida boʻlganimdan, yurtingizga ozgina boʻlsa ham nafim tegayotganidan faxrlanaman.

2 617
Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat), OʻzA