O‘zA O`zbek

15.04.2019 12:15 Chop etish versiyasi

Dunyoda dong taratgan arxitektor-dizayner ayol


1.jpg

Zaha Muhammad Hadid dunyoda dong taratgan arxitektor-dizayner ayol. U tarixda Pritsker mukofotiga sazovor bo‘lgan birinchi ayol arxitektor va Britaniya imperiyasining Komandor Xonim ordeni sovrindoridir.

Zaha Hadid 1950 yilning 31 oktabrida Bog‘dod shahrida dunyoga keldi. Uning otasi katta sanoatchi edi. 11 yoshli qizcha Angliyaga safar qilgach, uning dilida arxitektor bo‘lish orzusi tug‘iladi. Shu tariqa u dunyoviy shon-shuhrat sari uzoq va mashaqqatli safarga chiqadi. U 1972 yili Bayrut shahridagi Amerika universitetini bitirgach, Londonga ko‘chib bordi va Arxitektura Assotsiatsiyasi me’morchilik maktabiga o‘kishga kiradi. Rema Kolxas va Elia Zengelislarning rahbarligida yosh iste’dod sohibasi maktabda o‘qish bilan birlikda ko‘plab arxitektura loyihalarini yaratadi. U o‘zining noyob is’tedodi bilan barchani lol qoldirar edi.

1977 yili Zaha Hadid Rema Kolxasning “OMA” ustaxonasida ishlay boshlaydi, uch yildan so‘ng esa u o‘zining shaxsiy “Zaha Hadid Architects” byurosini tashkil etadi.

MA’LUMOT UChUN: Hadid ( arabcha حديد ) – temir ma’nosini beradi. Sharq xalqlarida, arabda, ajamda, umuman, dunyoda temir ma’nosini anglatuvchi nomlar ko‘p uchraydi. Ular qat’iyat, chidamlilik, sabr-bardosh, mehnatsevarlik, muloyimlik, hatto itoatguylik, yaratuvchilik va kuch-qudrat ramzida talqin etiladi. Temir moddasi esa inson tamaddunini ta’minlagan ashyolardan biridir.

Nihoyat 2000 yillarga kelib, Zaha Hadid London olimiadasi (2012) uchun suv sporti Markazi va maktab (2010) hamda Glazgo transport muzeyi (2011) uchun taqdim etgan loyihada tanlov g‘olibligini qo‘lga kiritdi.

Ba’zilar uni eng mashhur arxitektor deb ataydi, bu katta baho emas, u dunyoda o‘n nafar eng buyuk arxitektor bo‘lsa, ulardan biri sanaladi. Agar beshta bo‘lsa, ular ayol yoki erkak arxitektor bo‘lishidan qat’i nazar, ular safidan Zaha Hadid ham joy oladi.

2.jpg

3.jpg

Bundan yigirma yil muqaddam uning loyihalari utopik – fantastika sanalgan, 10 yil muqaddam esa u o‘zining futuristik ishlamalarini hayotga tatbiq eta boshlagan edi.

Hozirgi davrda Zaha Hadid XXI asrning eng istiqboli porloq arxitektorlaridan biri deb tan olinib, uning yaratuvchilik g‘oyalariga butun dunyo qoyil qolayotgan edi.

2012 yil Londonda bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlari uchun bunyod etilgan

Suv sporti turlari Markazi Zaha Hadidning keng hajmli loyihalaridan biri. © Zaha

U o‘zining ijodiy g‘oyasi, favqulotda ajoyib geometrik shakllari, ashyolarni “o‘yini”ga chorlab, oxangrabodek o‘ziga jalb etuvchi “Yer yuzida uchramaydigan” go‘zal binolarni yaratdi.

Keyingi o‘ttiz yil davomida arxitektura borasidagi insoniyat fikrini tubdan o‘zgartirib yubordi.

Dubay, Marokko, Jazoyir va Liviyadan ham arxitektorga buyurtmalar tushgan. Uning Yaqin Sharqda, aniqrog‘i, Bayrut shahrida idora ochish niyati ham bor edi, faqat bu yerda yuz berayotgan notinchlik bunga imkon bermas edi. Misrda ham ahvol shunday. Ammo uning bu mamlakatda katta buyurtmasi bor. Daryo sohilida quriladigan 70 qavatli Nil minorasi (Nile Tower). Binoning pastki qavatlari suvga qo‘llarini cho‘zayotgan Sfinksni eslatadi.

Zaha Hadid loyihasi asosida bunyod etilgan Geydar Aliev markazi binosi London dizayn Muzeyi tomonidan ta’sis etilgan “Yil dizayni” tanlovining gran-pri mukofotiga sazovor bo‘lgan edi.

Ushbu nufuzli mukofot o‘zining 17 yillik tarixida birinchi marta ayol kishiga nasib etdi. “Bu maftunkor me’morchilik namunasi yorqin iste’dodli arxitektor ijodining eng yuksak cho‘qqisi bo‘ldi. Bino bokira qiz, egnidagi shoyi ko‘ylagi shamolda ohista ko‘tarilgan Merlin Manroni eslatadi, – degan edi mukofot hay’ati a’zolari ichida mazkur inshootni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan yagona inson, arxitektor Pirs Gog”.

Zaha Hadid va uning arxitektura byurosi ishlariga ham e’tiroz bildiradigan tanqidchilar topiladi.

Hadid loyihalari asosida quriladigan binolarning o‘ta qimmatligiga Janubiy Koreyada ham e’tiroz bildirilgan.

Seul shahrida qurilgan dizayn markazi (Dongdaemun Design Plaza) sarf-xarajatlari 450 millionga tushgan, shahar meri Se-Xuna 2011 yilda lavozimidan ketgan bo‘lsa ham, hanuz ijtimoiy masalalar uchun ajratilgan mablag‘larni qurilishga sarflab yuborgani uchun tanqid qilinadi.

Jumladan, Rimdagi MAXXI muzeyi 150 million, Bokudagi Geydar Aliev Markazi qurilishiga 250 million dollar sarflangan.

Balki imoratlarning sarf-xarajatida tejamkorlik va arzon bo‘lishi ham zaruratdir. Ammo arzon qurilish ko‘p holda pand berishi hech gap emas. Binolarning mustahkamligi ashyo va qurilish materialga ham bog‘liq.

Misr ehromlari ming yillar osha qad ko‘tarib turar ekan, ular monolit toshdan ko‘tarilgan. Joser ehromi (piramidasi)ning qurilishi katta toshdan ulkan bino ixtiro qilgan va yozuv san’atida yuksak yutuqqa erishgan me’mor Imxotep nomi bilan bog‘liq.

4.jpg

Samarqand. Registon.

Joser qabri Qohiradan taxminan 6 km. narida joylashgan. Toshdan ishlangan bu ulkan maqbara dunyodagi eng qadimgi yodgorlikdir. Uning qurilish vaqti eramizdan avvalgi 2780 yilga to‘g‘ri keladi.

Bu misollarni keltirishimizdan maqsad, og‘ir mehnatni qo‘llash emas, balki Sharq me’morlari imoratlarni o‘ta pishiq va mustahkam, chiroyli, maftunkor qurishga o‘rganganini yodga solish.

Hozir ko‘hna obidalarni qurgan insoniyat hukmdor, me’morlar yo‘q. Ammo eski imoratlar hamon odamlar xizmatida.Samarqand Registoni maydonidagi obidalar ana shular jumlasidandir.

Zaha Hadid qurgan, loyihalagan binolarda Sharq me’morlarining ana shu an’anasi mujassam.

Uning loyihasi asosida yaqinda qurib bitqazilgan yana bir qurilishni haqli ravishda “Xitoy giganti” deb nomlaganlar.

Xitoyliklar ushbu mo‘jizaviy inshootni tiklab, butun dunyoni lol qoldirdi. Yer yuzidagi eng ulkan, alohida qad ko‘targan bino – New Contury Global Center – Super Mega Mo‘jiza Markazi qurilishi nihoyasiga yetdi. U Chendu shahrida bunyod etildi.

New Contury Global Center kattaligi inson aqlini lol qoldiradi. Inshoot uzinasi 500 metr, eni 400 metr, balandligi esa 100 metrni tashkil etadi. Bu Pentagon binosidan uch marta, Sidney operasidan 20 marta kattadir. Bu ulkan imorat juda gavjum joyda – zamonaviy san’at markazi to‘g‘risida bunyod etildi.

Jahon arxitektura Olimpining yorqin yulduzi, Pritsker mukofoti sovrindori, arab millatiga mansub, Britaniya arxitektori Zaha Hadid ishtirokida “New Contury Global Center” loyihasi ishlab chiqildi.

Endilikda “Zaha Hadid Architects” byurosida 400 nafar xizmatchi faoliyat ko‘rsatmoqda. Zaxirada esa 44 mamlakatdan 950 loyihaga buyurtma mavjud. Afsus, Zaha uchun yuksak cho‘qqilar sari mashaqqatli safar nihoyasiga yetdi...

Zaha Hadid 2016 yil olamdan o‘tdi. U bugun hayotda bo‘lmasa-da, ammo imoratlari yana ko‘p zamonlar qad ko‘tarib turadi, odamlar xizmatida bo‘ladi.

Dadaxon Yoqubov,

O‘zbekiston san’at arbobi


O'zA
577