O‘zA O`zbek

03.10.2018 Chop etish versiyasi

Deputat aviakompaniyani xitoylik sarmoyadorlarga berishni taklif qildi

Deputat aviakompaniyani xitoylik sarmoyadorlarga berishni taklif qildi

Qirgʻiziston Jogʻorku Kenesh deputati Adil Junus oʻgʻli “Air Kyrgyzstan” milliy aviakompaniyasini xitoylik sarmoyadorlarga berishni taklif qildi. Uning soʻzlariga koʻra, Xitoy kompaniyalari “Air Kyrgyzstan”ni sotib olishga qiziqish bildirishmoqda.

Transport va yoʻllar vaziri Jamshitbek Kalilov xitoylik sarmoyadorlarning “Air Kyrgyzstan”ni sotib olishga qiziqishi borligini tasdiqladi. Biroq, uning soʻzlariga koʻra, ularning kompaniyani sotib olishga tayyorligi haqida yakuniy soʻzni aytish qiyin. Kalilovning izohlashicha, hatto maoshlarni toʻlash qiyin boʻlgan taqdirda ham kompaniyani sotish tashabbusining oʻzi shubha uygʻotadi. 

“Air Kyrgyzstan” kompaniyasining aviaparki bitta samolyotdan iborat. Uning dvigateli ham taʼmirda, reyslar ham nomaʼlum muddatga qoldirilgan. Ogʻir moliyaviy holati sababli kompaniya xodimlariga maosh toʻlolmayapti, u shtatni qisqartirishga majbur boʻldi.
Qirgʻiziston sotuvga kompaniya aksiyalarining 49 foizini qoʻygan, ammo xorijliklar nazorat paketini sotib olish xohishini bildirishgan. Shu bilan birga, ular hozircha Davlat mulki boshqaruvi jamgʻarmasiga rasmiy ariza ham berishmagan. 

Oʻz navbatida Fuqaro aviatsiyasi agentligi milliy aviakompaniya sotilgan taqdirda Qirgʻiziston Respublikasi qonunlari buziladi, deb hisoblaydi.

1 717
OʻzA