O‘zA O`zbek

14.04.2020 Chop etish versiyasi

Dardi bedavoning davosi yaqin

Dardi bedavoning davosi yaqin


Barcha mamlakatlarni birday tashvishga solgan COVID-19ni batamom bartaraf etuvchi dori vositalari qachondir oʻylab topiladimi yoki bu kasallik ham mavsumiy kasalliklar qatorida inson organizmini shikastlash ehtimolidan holi qoladimi?

Bu murakkab savolga javob barchani birdek oʻylantirmoqda. Koronavirus epidemiyasi nafaqat oʻlim bilan bogʻliqligi tahlikali, balki juda katta miqyosdagi iqtisodiy-gumanitar inqirozni keltirib chiqargani bilan ham xatarlidir.

Shu tufayli dunyoning qaysi nuqtasida boʻlmasin, bu virusga qarshi kurashuvchi dori vositalari va sinovdan oʻtkazilayotgan vaksinalar barchaning diqqat markazida turibdi.

Hatto vaksinalarni moliyalashtirishda “Facebook” ijtimoiy tarmogʻi rahbari Mark Sukerberg va “Micrasoft” kompaniyasining asoschisi Bill Geyts kabi taniqli va badavlat shaxslar ham chetda turishmadi.

Koronavirusni davolashda barcha mamlakatlar ishlatayotgan va taʼsiri hali toʻliq oʻrganilmagan dorilar roʻyxati juda katta. Yaqin oylarda aynan bu virusning oʻzigagina taʼsir qilishi mumkin boʻlgan vositalar oʻylab topilishi taxmin qilinmoqda. Albatta, bu kasallikni yuqtirganlarni sogʻaytirish uchun qilinayotgan ishlardir.

Ammo milliardlab unga giriftor boʻlishi ehtimoli yuqori odamlarni qutqarib qolish uchun vaksina topish zarur. Ammo olimlar tomonidan uning oʻylab topilishi va amaliyotga qoʻllash uchun kamida bir yildan oshiqroq muddat talab qilinadi.

Hozirda topilgan dori vositalari haqida toʻxtaladigan boʻlsak, rivojlangan mamlakatlar shifokorlari koronavirus infeksiyasiga taʼsir koʻrsatadigan dorilarni 3 ta kategoriyaga boʻlib chiqishdi:

Birinchisi, virus simptomlarini minimumga tushiruvchi shamollashga qarshi dori vositalari.

Ikkinchisi, virusning hujayralari ichida koʻpayish jarayonida uning hayotiy siklini buzish orqali yoʻq qiluvchi dori vositalari.

Uchinchisi esa, koronavirus bilan ogʻrigan kasallarning antitanasi asosida boshqa ogʻriyotgan kasallarning immunitetini davolovchi dori vositalaridir.

Hozirda pandemiyaga qarshi kurashishda yetakchi farmatsevtik kompaniyalari virusning hayotiy siklini buzuvchi vosita sifatida Kaletra, Ramdesivir, shamollashga qarshi Kevzara, Faviparir, Actemra nomli dori vositalarini taklif qilmoqda.

Bu vositalar ayni damda bemorlarda sinalyapti. Ularning yaxshi-yomon taʼsiri toʻgʻrisidagi ijobiy xabarlar yaqin kunlarda eʼlon qilinishi kutilmoqda. Shifokorlar shu bilan birga COVID-19ga molekulyar tuzilishi jihatdan yaqin boʻlgan boshqa oʻxshash viruslar (Ebola, OIV) uchun ishlatilgan dorilardan ham muvaffaqiyatli foydalanishmoqda.

Bundan tashqari, bezgakka qarshi ishlatilgan vositalar Xloroxin va Gidroksixloroxin”, “Lopinavir+Ritonavir ham ushbu roʻyxatdan joy olgan va har qaysi davlat oʻziga maʼqul uslublardan foydalanyapti.

Istiqbolda topilajak vaksinalarning eng katta salbiy tomoni shundaki, uni moliyalashtirish juda uzoq yillarni talab qiladi. Ularni ishlab chiqarishda eng kam muddat – bir yilni tashkil etadi. 2003-yil SARS virusiga qarshi vaksina yaratish ishlari epidemiya tugaganidan soʻnggina oʻz nihoyasiga yetgan edi.

Hozir bu virusga qarshi vaksina ustida 20dan ortiq kompaniyalar faol ish olib bormoqda. Ular orasida Johnson&Johnson, GlaxoSmithKline, Sanofi kabi yetakchi farmatsevtika gigantlari alohida ajralib turibdi. Nomzod kompaniyalar orasida eng eʼtiborga moligi Moderna Ins. boʻlib, u 42 kun ichida vaksinani ishlab chiqib, taqdim qildi.

Bu vaksinalar hozircha koʻngillilarda sinovdan oʻtkazilmoqda. Ammo ular qay darajada ijobiy taʼsir etishi, natijasi qanday boʻlishi toʻgʻrisida aniq maʼlumotlar olish uchun kamida bir yil ketadi.

Bezgakka qarshi vaksinalar qatorida sil kasaliga qarshi ishlatilgan vaksinalar BCGning ham koronavirusga taʼsiri tekshirilib koʻrilmoqda.

Xitoyning Zhejiang Hisun Pharmaceutical kompaniyasi FAVIPIRAVIR dori vositasini koronavirusga qarshi ishlatishda hukumatdan ruxsat olgani toʻgʻrisida eʼlon qildi. Bu vosita hozirgi kungacha 70 ta kasalda sinab koʻrilgan boʻlib, nojoʻya taʼsiri qayd etilmadi va juda samarali boʻlib chiqdi.

Yaponiyalik olimlar antiretrovirus vositalaridan SARS-CoV-2 koronavirusning koʻpayishini toʻxtatuvchi “NELFINAVIR dorisi ustida muvaffaqiyatli tadqiqot olib borayotgani toʻgʻrisidagi xabar berilmoqda.

Tadqiqotlar davomida OIVdan davolovchi dori vositasi nelfinavir juda kam dozada ham virusning koʻpayishini samarali toʻxtatishi aniqlandi. Koronavirusni davolovchi dori va vaksinalar hali topilmagani tufayli ushbu virusga qarshi preparatlarni kasallarda sinab koʻrish lozimligi aytilmoqda.

Shuningdek, Yaponiyada immunitetida oʻzgarish bor kasallar uchun Intravenoz immunoglobulin (IVIG) ishlab chiqargani bilan tanilgan Takeda Pharmaceutical kompaniyasi, koronavirus bilan ogʻrib tuzalganlar qon plazmasidan olingan TAK-888 antitanalar asosida yangi virusga qarshi dori vositasi ishlab chiqarish ustida bosh qotirmoqda.

Umuman olganda, qon plazmasidan olinadigan dori vositasi har xil tozalangan antitanadan tashkil topgan boʻlib, boshqa dori vositalariga nisbatan virus bilan juda yaxshi kurashish xususiyatiga egadir.

Virusdan tuzalgan kasallar qoni plazmasidan davolash usuli ustida fransiyalik olimlar ham jadal tadqiqot olib bormoqda. Tuzalganlardan 2-3 hafta oʻtib 600 ml. plazma olinadi. Tadqiqot uchun 200 ta odam tanlab olinib, ulardan faqat 60 tasidagina bu davolash usuli qoʻllanib, tekshiriladi.

Eng muhimi, bugun barcha mamlakatlarda virus bilan ogʻriyotgan insonlar orasida tuzalayotganlar soni ortib bormoqda. Bu – tibbiyot xodimlari va olimlarning koronavirusga qarshi kurashish ustida tinimsiz ish olib borayotganidan dalolatdir. Har bir narsaning ibtidosi boʻlganidek, bir kun kelib bu baloga ham barham berilishi shubhasiz.

Gulruxsor RAVSHANOVA,
xalqaro sharhlovchi


2 849
OʻzA