O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

06.09.2018 13:09 Chop etish versiyasi

Dahshat bilan boshlangan kun

Dahshat bilan boshlangan kun

Yaponiyada 20 yil ichidagi eng kuchli zilzila sodir boʻldi

Oʻtgan tunda Yaponiyaning Xokkaydo orolida ikki marta kuchli yer osti silkinishi qayd etildi. Qurbonlar bor, oʻnlab kishilar bedarak yoʻqolgan. 3 millionga yaqin xonadon elektr energiyasiz qolgan. 

Tongni xokkaydoliklar dahshat bilan qarshi oldi. Mahalliy vaqt bilan 3:00 atrofida boshlangan 6,7 magnitudali yer osti silkinishi yapon orolining janubiy qismini larzaga soldi. Guvohlarning soʻzlariga koʻra, zilzila vaqtida binolar joyidan siljib ketgan, koʻplab imoratlar yer bilan yakson boʻlgan.

vesti.ru” ning mahalliy OAVga asoslanib xabar qilishicha, tong otgunga qadar mamlakat Bosh vazirining Tokiodagi qarorgohida antikrizis shtabi tashkil etilgan. 

OAV keltirgan iqtibosda Yaponiya hukumati rahbari Sindzo Abe “Vayronagarchilik, jabrlanganlar, elektr energiyasidagi uzilishlar... bularning bari menga maʼlum. Insonlar hayotini saqlab qolish bizning asosiy vazifamizdir. Yaponiya hukumati tabiiy ofatni bartaraf etishda katta tajriba ega. Biz bor kuchimiz bilan harakat qilamiz” deya mamlakat ahliga murojaat qilgan.

Zilzila oroldagi bosh aeroportga talafot yetkazgan. Ammo, hududdagi “Tomari” AESning 3ta reaktori zarar koʻrmagan. 

Xorijiy OAVning soʻnggi xabarlariga koʻra, tabiiy ofat oqibatida bedarak yoʻqolganlar soni 20 nafarga yetgan. Ularning bari zilzila oʻchogʻiga yaqin boʻlgan Asuma posyolkasidan. Ayni vaqtda orolga qutqaruv-qidiruv amaliyotlarini bajarish va qayta tiklash ishlari uchun 25 ming nafar yapon harbiy xizmatchilari joʻnatilgan. 

Seysmologlar mazkur hafta soʻnggiga qadar Xokkaydo orolida yana yer silkinishlari sodir boʻlishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Malohat Husanova, OʻzA