O‘zA O`zbek

04.07.2020 Chop etish versiyasi

COVID-19: AQSH, Braziliya va Hindistonda vaziyat hali ham tashvishli

COVID-19: AQSH, Braziliya va Hindistonda vaziyat hali ham tashvishli

AQSHda oxirgi sutka mobaynida yana 53 mingdan ziyod kishi virus tashuvchisi ekanligi aniqlandi. Pandemiya boshlangandan buyon mamlakatda kasallangani maʼlum boʻlgan kishilar soni 2 million 700 mingdan oshib ketdi. Agar epidemiya tarqalishi shu surʼatda davom etadigan boʻlsa, bir haftadan soʻng bu raqam 3 milliondan ortadi.

Texas shtatida yana jamoat joylarida, koʻchalarda majburan himoya niqobi taqish tartibi joriy etildi.

Floridada kechadan boshlab ommaviy plyajlar yopildi. Mutaxassislar eʼtirofiga koʻra, bugun mamlakat boʻylab nishonlanayotgan “Mustaqillik kuni” bayrami AQSH aholisi tomonidan ochiqchasiga tashvish hissi bilan kutib olindi.

Bir necha kun oldin professor Fauchi tomonidan senatdagi yigʻilishda virus yuqishi bilan bogʻliq kundalik oʻsish surʼati ikki baravar oshishi bashorat qilindi.

JSST katta epidemiologi Mariya van Kerxouv kuni kecha quyidagi mazmunda bayonot berdi: “Hammamiz yaxshi bilamiz va buni ishonch bilan gapiryapmiz, virus tarqalishining asosiy omili - havo-tomchi usuli orqali yuqish. Yaʼni, zararlangan odam yoʻtalganda, aksirganda yoki shunchaki birov bilan gaplashganda mayda suyuq tomchilar yoki soʻlak sachratadi. Eng yomoni shu inson oʻzi bemorligini bilmasligi mumkin, chunki kasallik koʻpchilikda barchaga maʼlum boʻlgan belgilarsiz kechyapti”.

Braziliyada ham vaziyat juda ogʻir. Mamlakat prezidenti Bolsonaru biznes nuqtalari faoliyatini qayt tiklashni talab etdi. Afsuski, Rio-de-Janeyroda ochilgan savdo obyektlarida mijozlar, mahsulot xarid qiluvchilar juda kam.

“Clementino Fraga Filho” universiteti shifoxonasining ilmiy ishlar boʻyicha direktori Robertu Medronu bunday deydi: “Hozir iqtisodiyotni yurgizib yuborish uchun juda noqulay vaqt, chunki ayrim shtatlarda kasallanganlar sonining kunlik oʻsishi pasaya boshlagan boʻlsada, boshqalarida bu koʻrsatkich yuqorilab boryapti. Xastalikning yangi oʻchoqlari paydo boʻlmoqda. Demak, epidemiya nazoratga olinmagan bir paytda, menimcha iqtisodiy muammolarni bartaraf etish bilan shugʻullanish faqat ziyon keltiradi”.

Milliarddan ortiq aholisi bor Hindistonda hozir 630 ming kishi koronavirusga chalingani maʼlum. Yangi xastalanganlarni aniqlash uchun test tadbirlari amalda dala sharoitlarida oʻtkazilmoqda.

Yuqumli kasalliklar shifokori Xeta Mxatrening soʻzlariga qaraganda, “dastlab kimda infeksiya belgilari borligi aniqlanadi, keyin takroriy tashxis amalga oshiriladi. Isitma va oʻpkaning kislorod bilan taʼminlanish darajasi tekshiriladi”.

1 999
OʻzA