O‘zA O`zbek

15.04.2020 Chop etish versiyasi

Buyuk Britaniya: qurbonlar soni 12 mingdan oshdi

Buyuk Britaniya: qurbonlar soni 12 mingdan oshdi

Britaniyada koronavirusni yuqtirganlar umumiy soni qariyb 94 ming nafarga yetdi, ularning 12 107 nafari olamdan oʻtdi, atigi 344 tasi sogʻayib ketdi. Ming afsuski, ushbu davlat tuzalganlar soni boʻyicha dunyoda eng oxirgi oʻrinda bormoqda.

Hatto mamlakat bosh vaziri Boris Jonson ham kasallikni yuqtirib, shifoxonada yotib chiqdi. Bu yerda har kuni 19 mingta testlar oʻtkazilmoqda. Mudofaa vazirligining 300 kishi va 13 vertolyotdan iborat aviatsiya guruhi tuzilgan boʻlib, ular olis tumanlardan ham ogʻir bemorlarni yirik kasalxonalarga olib kelishmoqda.

Britaniya tibbiyot assotsiatsiyasi soʻrovlariga koʻra, frontning birinchi chizigʻida hormay-tolmay mehnat qilayotgan 58 ming shifokorning yarmidan koʻpi yuz niqoblari, 65 foizi koʻzni himoya qilish vositalari yetishmayotganidan yozgʻirishgan.

Shu sababli ularning bir necha ming nafari infeksiyani yuqtirib oldi. Ularga yordamchi kuch sifatida 7,5 ming nafar nafaqaga chiqqan tibbiyot xodimlari jalb etildi. 280 ming koʻngillilar roʻyxatdan oʻtdi. Shunga qaramay, 250 ming tibbiyot sohasida xodimlar yetishmayapti. Koronavirusning genetik kodini tadqiq etish va vaksina yaratish ishlariga 20 million funt sterling ajratildi. Qisqa muddatda 10 mingta yangi sunʼiy nafas olish qurilmalari xarid qilindi va ular jami soni 18 mingtaga yetkazildi. Ammo yana 12 mingta ana shunday zamonaviy tibbiy uskunalarga ehtiyoj saqlanib qolmoqda.

Barcha nooziq-ovqat doʻkonlari, diniy muassasalar yopilgan, ommaviy tadbirlar bekor qilingan. Ikki kishidan ortiq odam yigʻilishi man qilindi.

Vaziyat ogʻir boʻlishiga qaramay, Ichki ishlar vaziri P.Patel va Gʻaznachilik rahbari R.Sunak Hukumatni 5-maydan boshlab karantin tartibini yengillashtirishga chaqirmoqda. Ammo sogʻliqni saqlash vaziri M.Xenkok va Vazirlar Mahkamasi kotibi M.Gouv bunga koʻnmaslikni va 25-mayga qadar karantinni davom ettirish shartligini bayon qilayotir.

Agar vaziyat ijobiy tomonga oʻzgarmasa, koʻplab kompaniyalar aprel oyi yakunida oʻz xodimlarining maoshlarini toʻlay olmay qolishi muqarrar. Davlat tomonidan katta miqdorda yordam paketlari taqdim etilmoqda. Biznes, energetika va sanoat strategiyasi vaziri A.Sharmaning tan olishicha, “shoshilinch kredit” olish uchun biznes vakillari tomonidan 300 mingga yaqin murojaat boʻlgan. Biroq ularning atigi 4,2 mingiga 800 million funt sterlingga teng kreditlar ajratilgan. Davlatning qarz mablagʻlari esa 273 milliard funt sterlingga yetgan.

Mehnat va pensiya vazirligi maʼlumotiga koʻra, hozircha 1,2 million kishi nafaqa olish uchun ariza bergan. Har kuni ular soni 10-12 ming nafarga oshirib bormoqda. Ularning aksariyati ish oʻrnini yoʻqotganlar, daromadga ega boʻlmagan kishilardir. Shuningdek, yilning ikkinchi choragi yalpi ichki mahsulot 35 foizga kamayishi taxmin qilinmoqda, ishsizlar soni esa 1,2 milliondan 2 millionga ortadi.

Tezkor choralar koʻrilmasa, Oksford universiteti oʻtkazgan epidemiologik modellashtirish natijalariga koʻra, aholining yarmi koronavirusga chalinishi mumkin.

Qolaversa, mamlakatda 2 million keksa va yolgʻiz kishilarning istiqomat qilishi, koronavirus aynan yoshi ulugʻlarda asoratli va xavfli kechishi mavjud muammoni yana-da chuqurlashtirmoqda. Hozirda 11,3 ming qariyalar uylarida 410 ming keksalar yashamoqda. Bu muassasalarning ham 2 mingtasida kasallik qayd etilgan. Bunday maskanlarda yuqtirish xatari juda katta boʻlib, maʼmurlarni jiddiy choralar koʻrishga majbur qilmoqda.

Shu sababli keksalar va surunkali kasalliklari bor barcha shaxslarga uch oy davomida barcha ijtimoiy muloqotlarni cheklash tavsiya qilindi. Koʻchalarda va doʻkonlarda odamlar ikki metr masofa saqlagan holda yurishlari shart.

Eng achinarlisi, qamoqxonalarda ham koronavirusni yuqtirish holatlari uchramoqda, shu sababli qoʻshimcha 500 ta vaqtinchalik alohida kameralar yaratish rejasi eʼlon qilindi. 4 ming mahkum esa 2 oy muddatga ozodlikka chiqarilishi kutilmoqda.

Yana bir muammo. Hozirda mamlakat tashqarisida 300 ming nafar britaniyaliklar qolib ketgan. Ularni charter reyslarida olib qaytish uchun 75 million funt sterling ajratildi. Biroq, hozircha bu borada ham ishlarda oqsoqliklar kuzatilyapti.

Ichki ishlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, karantin sharoitida jinoyatchilik darajasi 21 foizga kamaygani bilan, uy zoʻravonliklari 125 foizga ortib ketgan. Shuningdek, onlayn jinoyatchilik va firibgarlik holatlari ham keskin koʻpaygan.

Hozirda muxolif partiya vakillari Jonson hukumatini tanqid qilishni kuchaytirib, amaldagi hukumatning eng katta kamchiligi sifatida ijtimoiy masofa saqlash boʻyicha choralarni ancha kech qabul qilganini koʻrsatib oʻtmoqda.

Dilafroʻz XUDOYBERDIYEVA,

Bektemir tumani 290-umumtaʼlim

maktabi ingliz tili oʻqituvchisi.

1 319
OʻzA