O‘zA O`zbek

01.08.2018 16:50 Chop etish versiyasi

Bugun Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi tashkil topgan kun

Bugun Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi tashkil topgan kun
Xitoy Xalq Respublikasi Qurolli Kuchlari – harbiylarining soni bo‘yicha jahonda birinchi o‘rinda turadi va rasman – Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi deb ataladi. Tahlilchilarning so‘zlariga qaraganda, bugungi kunda “Osmon osti” mamlakatining armiyasi safida 2 million 250 ming harbiy xizmatchi bor. Xitoy armiyasiga 1927 yil 1 avgust kuni asos solingan bo‘lib, avvaliga, Xalq-ozodlik armiyasi iborasi 1946 yil yozida shakllangan 8-armiya, Yangi 4-armiya va Shimoliy-Sharqiy armiyaga nisbat berilardi. 1949 yilda Xitoy Xalq Respublikasi e’lon qilinganidan so‘ng mamlakat Qurolli Kuchlari “Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi” deb ataladigan bo‘ldi. Xitoy qonunlariga ko‘ra, 18 yoshga to‘lgan har bir erkak armiya saflarida xizmat qilishga haqli. Ko‘ngillilar 49 yoshgacha armiya safida xizmat qiladi.

Hududiy joylashuviga ko‘ra, Qurolli Kuchlar tarkibida 7 ta okrug va uchta flot bor. Xitoy Quruqlikdagi qo‘shinlari dunyoda eng kuchli ekani tan olinadi. 2020 yillargacha bo‘lgan davrdagi harbiy-strategik vaziyat tahlil qilinganidan so‘ng, Xitoy rahbariyati “Armiya isloh qilinishi kerak”, degan xulosaga keldi. Endilikda mamlakat armiyasi zamonaviy qurollar bilan ta’minlanar ekan, son jihatidan emas, sifat jihatidan kuchli bo‘lishi yo‘lida islohotlar olib borilmoqda.

Xitoy rahbariyati zamonaviy bosqichda Qurolli Kuchlarni rivojlantirishga bag‘ishlangan “Oq kitob”ni e’lon qilib turadi. Tahlilchilarning fikricha, mazkur hujjatustida 1998 yildan beri ish olib boriladi. 2013 yilga kelib esa bu hujjat keng jamoatchilik e’tiboriga havola etila boshlandi.

“Oq kitob”da jahon hamjamiyatining asosiy maqsadi tinchlik, xavfsizlikni ta’minlashva iqtisodiy farovonlik ekani ta’kidlab o‘tiladi. Biroq Xitoy hukumatining fikricha, bugungi dunyoni tinch va osuda deb bo‘lmaydi. Xitoylik ekspertlar “bir qator mamlakatlar harbiy sohada o‘zaro raqobatda ekani”ni aytib keladilar. Shu sababli ham xalqaro xavfsizlik bilan bog‘liq muammo dolzarb bo‘lib qolmoqda. So‘nggi yillarda Xitoyda olib borilgan izchil iqtisodiy islohotlar natijasida bir qator yutuqlar ko‘zga tashlanib, mamlakat ahlining turmush darajasi yuksalmoqda. Bu esa Pekinning xalqaro doiradagi mavqeini ko‘tardi. Biroq, Xitoy xavfsizlikni ta’minlash masalasida an’anaviy va noan’anaviy tahdidlar bilan ro‘paro‘ kelmoqda. Shu sababli ham rahbariyat milliy birlikni va hududiy yaxlitlikni saqlab qolish, sayyoramizning turli hududlarida Xitoy manfaatlarini himoya qilishga urinmoqda. “Osmon osti” mamlakati asosiy xavf sifatida “uchta yovuz kuch” deb atalmish - xalqaro terrorizm, ayirmachilik va ekstremistik guruhlarni ko‘radi.

Xalq-ozodlik armiyasi tabiiy ofat keltirgan talofatlarni bartaraf etishga ham keng jalb qilinadi. Ko‘p holatlarda harbiylar zilzila va suv toshqinlaridan aziyat chekkan aholini xavfsiz joyga olib chiqadi. Xitoy harbiy dengizchilari doimiy ravishda savdo yo‘llaridagi xavfsizlikni ta’minlab keladi, qaroqchilarga qarshi kurashadi. Milliysuverenitetni muhofaza qilish, xavfsizlikni ta’minlash Xitoy armiyasining asosiy vazifalaridan hisoblanadi. “Bizga hujum bo‘lmas ekan, biz hech qachon birinchi bo‘lib hamla qilmaymiz. Mabodo hujum bo‘lgudek bo‘lsa, biz bosqinchilarga keskin zarba beramiz” deyishadi Xitoy harbiy rahbarlari.

Xitoy armiyasi xavfsizlik sohasida boshqa davlat harbiylari bilan hamkorlik qilib keladi. Xitoylik harbiylar BMT tinchlikni saqlovchi kuchlari saflaridajahondagi “Qaynoq nuqta”larda faoliyat yuritmoqda.

Sharofiddin To‘laganov, O‘zA
5 118