O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

12.09.2018 11:23 Chop etish versiyasi

Bu yil Yevropaning shimoliy mamlakatida ham qurgʻoqchilik kuzatildi

Bu yil Yevropaning shimoliy mamlakatida ham qurgʻoqchilik kuzatildi

Yevropadagi bu yilgi qurgʻoqchilikdan Norvegiya ham aziyat chekdi. Maʼlumotlarga koʻra, shimoliy mamlakatda yogʻingarchiliksiz va jazirama bilan oʻtgan yoz kunlari soʻnggi 70 yil davomida kuzatilmagan.

Euronews”ning qayd etishicha, qurgʻoqchilik sabab norvegiyalik fermerlar ekinlardan juda oz hosil olgan. Ayniqsa, mamlakatning janubiy hududlari qurgʻoqchilikdan katta zarar koʻrib, oqibatda koʻplab dehqonlar hukumat yordamiga muhtoj boʻlib turibdi.

Mamlakat hukumati ham oʻz navbatida qurgʻoqchilik keltirgan zararni bartaraf etishga kirishgan. Xususan, pichan importiga boj stavkalarini kamaytirish choralari koʻrildi. Hosil yoʻqotib, iqtisodiy zarar koʻrgan dehqon xoʻjaliklariga yarim million kron (465 million soʻm atrofida) miqdorida badal toʻlab berish rejalashtirilgan.

Eslatib oʻtamiz, yoz faslida kuzatilgan jazirama tufayli Yevropa dalalarida asosan boshoqli va yogʻ olinadigan ekinlar zarar koʻrdi. Xususan, germaniyalik dehqonlar 1 milliard yevroga teng hosil yoʻqotgan.

Malohat Husanova, OʻzA