O‘zA O`zbek

15.03.2019 19:48 Chop etish versiyasi

Bu Yangi Zelandiya tarixidagi eng qora kunlardan biri boʻldi

Bu Yangi Zelandiya tarixidagi eng qora kunlardan biri boʻldi

Avval xabar berganimizdek, Yangi Zelandiya sharqidagi Kraystcherch shahrida nomaʼlum shaxslar ikkita masjidga hujum qilishi oqibatida 49 kishi halok boʻldi. Bu haqda politsiya vakili Mayk Bush maʼlum qildi. Shahar shifoxonasiga jarohat olgan oʻnlab kishilar olib borildi.

“The New Zealand Herald” gazetasining xabar qilishicha, toʻrt nafar gumondor, jumladan, bir ayol ushlandi. Hozircha hujumda qancha kishi ishtirok etgani aniq emas. Politsiya amaliyoti davom etmoqda. Qoʻlbola portlovchi moslamalar, oʻq otar qurollar va oʻq-dorilar musodora qilindi. Ekspertlarning fikricha, qoʻlga tushirilgan qurol yarogʻlardan bir narsa aniqki hujumga avvaldan puxta tayyorgarlik koʻrilgan.

Nashr maʼlumotiga koʻra, hujum qilganlardan biri avstraliyalik boʻlib, u hujumdan avval muhojirlarga qarshi kayfiyatni aks ettiruvchi oʻta oʻng qarashdagi manifest yozgan.

“Bu terror hujumi”, deyiladi matnda. Dastlabki maʼlumotlarga qaraganda, hujum qilganlardan birining ismi Brenton Tarrant. U masjidga hujumni internetda toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish qilgan.

Mahalliy OAVning yozishicha, bir-biriga yaqin boʻlgan masjidlarga qurollangan kishilar bostirib kirgan va ichkarida 300ga yaqin kishi boʻlgan binoga kirish yoʻllarini toʻsib qoʻygan. Guvohlarning soʻzlariga qaraganda, harbiy kamuflyaj va shlemda boʻlgan hamda avtomat quroli boʻlgan kishi shahar markazidagi Al-Nur masjidiga keluvchilarga qarata oʻq uzgan.

Yangi Zelandiya bosh vaziri Jasinda Ardern hujumni misli koʻrilmagan zoʻravonlik akti, deya atadi.

“Bu mamlakatimiz tarixidagi eng qora kunlardan biridir”, deya bayonot berdi bosh vazir .

Xavfsizlik nuqtai nazaridan Yangi Zelandiyadagi barcha masjidlar ayni damda yopilgan.

OʻzA
926