O‘zA O`zbek

10.09.2019 Chop etish versiyasi

Britaniya bosh vaziri parlamentdan mag‘lubiyatga uchradi

Britaniya bosh vaziri parlamentdan mag‘lubiyatga uchradi

Birlashgan Qirollik deputatlari hukumatning oktabrda muddatidan oldin parlament saylovlarini o‘tkazish haqidagi taklifini yana rad etdi. 

Seshanbaga o‘tar kechasi o‘tkazilgan ovoz berish jarayonida Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson tomonidan ilgari surilgan mazkur taklif parlamentda yetarli ovoz to‘play olmadi. 

Boris Jonsonning ushbu mag‘lubiyati u hukumat tepasiga kelgan muddatdan (2019 yil iyuldan) buyon oltinchisi bo‘lib, "Sky News" telekanali hisob-kitobiga ko‘ra, sobiq bosh vazir Toni Bler 10 yilda (1997-2007) uchragan mag‘lubiyatlar sonidan ham ko‘pdir. 

Endilikda Britaniya deputatlari besh hafta davom etuvchi majburiy ta’tilga chiqishadi. Avgust oyining so‘nggida Boris Jonson parlament qonunchilik palatasi faoliyatini 14 oktabrga qadar to‘xtatib qo‘yish bo‘yicha monarxdan ruxsat olishga erishgan edi. 

Britaniya bosh vaziri izohiga ko‘ra, ushbu qaror yangi hukumatning Breksit bilan bog‘liq qator qonun hujjatlarini tayyorlashi vajidan qabul qilingan. Biroq, muxolifat partiya Jonsonning ushbu qarorini Breksit masalasida hukumat parlamentni chetlashtirishga urinayotgani sifatida baholadi va Birlashgan Qirollikni Yevropa Ittifoqidan chiqishini 3 oyga (2020 yil yanvargacha) kechiktirishni taqozo etuvchi qonun loyihasini ishlab chiqishdi va qisqa muddatlarda monarx tomonidan tasdiqlatishga erishdi. Dushanbadan qonun maqomini olgan mazkur hujjat Buyuk Britaniya hukumatini Breksitni uch oyga kechiktirish va Yevropa Ittifoqini shartlarsiz tark etmaslikka majburlovchi kuchga ega. 

769
O‘zA