O‘zA O`zbek

21.05.2020 Chop etish versiyasi

Braziliyada karantin joriy qilinmayapti, ahvol esa juda achinarli tus olmoqda

Braziliyada karantin joriy qilinmayapti, ahvol esa juda achinarli tus olmoqda

Koronavirus infeksiyasi ushbu mamlakatga nisbatan kechroq kirib keldi. Biroq qisqa davrda u Yevropa davlatlarini quvib oʻtdi va hozircha faqat Rossiya va AQSHdan keyingi oʻrinda bormoqda. Oxirgi paytlari koʻrsatkichlar ayniqsa juda tez oʻsmoqda. Eng xavotirli tomoni shundaki, Braziliya hukumati tarqatayotgan rasmiy koʻrsatkichlar mamlakatdagi haqiqiy ahvolga mos kelmasligi mumkin.

Oxirgi sutkaning oʻzida mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni 20 ming kishiga yaqinlashgan va jami bemorlar soni 300 mingga yetay deb qoldi, 19 ming bemor koronavirus qurboniga aylangan.

Shunday boʻlsa-da, mamlakatda karantin tartiblari joriy qilinmayapti. Cheklovlar tibbiy nuqtai-nazardan toʻgʻri chora deyilgani bilan, iqtisodiy tomondan maqbul koʻrilmayapti va bu borada prezident bilan hududlar rahbarlari oʻrtasida tortishuvlar ham tinmayapti. Ammo hudud rahbarlari ham, prezident ham oʻzlarining haqligini isbotlash bilan ovora boʻlayotgan bir paytda mamlakatda koronavirus pandemiyasi jadal surʼatlarda tarqalishda davom etmoqda. Braziliya chuqur tibbiy-siyosiy inqiroz yoqasida turibdi, deyiladi “Lenta.ru” tarqatgan ushbu xabarda.

Braziliyada koronavirusga chalinish bilan bogʻliq ilk holat fevral oyining oxirida aholi zichligi boʻyicha dunyoda eng oldingi oʻrinlarda turgan San-Paula shahrida qayd qilingan edi. 19-mayga kelib esa koronavirusga chalinish holati boʻyicha bu mamlakat gʻarbiy yarim sharda AQSHdan keyin ikkinchi, dunyoda boʻyicha esa uchinchi oʻringa chiqib oldi.

Braziliya koronavirusga chalinganlar soni boʻyicha Yevropadagi infeksiya eng koʻp tarqalgan Buyuk Britaniya, Ispaniya va Italiyani bir haftada quvib oʻtdi.

1 409
OʻzA