O‘zA O`zbek

12.02.2019 Chop etish versiyasi

BMT: Suriyadagi notinch vaziyat oqibatida 400 mingdan ortiq aholi halok boʻlgan

BMT: Suriyadagi notinch vaziyat oqibatida 400 mingdan ortiq aholi halok boʻlgan

Suriyada avj olgan notinch muhitning boshlanganligiga yetti yildan oshdi. Butun Yer yuzi aholisi tinchligiga raxna solgan Ikkinchi jahon urushi ham besh yil davom etgan edi. Aslida Suriyadagi siyosiy notinch vaziyat 2011 yilning mart oyida xalqning norozilik namoyishlarini hukumat tomonidan katta tazyiq ostida bostirilishidan boshlangan edi. Ushbu harakatlar hukumat kuchlari hamda mahalliy qurolli muxolifat tomonning oʻrtasidagi yillar davomida avj olib borayotgan ziddiyatli toʻqnashuviga asos boʻldi.

BMT maʼlumotiga koʻra, hududdagi harbiy toʻqnashuvlarda shu kunga qadar 400 mingdan ortiq suriyaliklar halok boʻlgan. Mamlakat aholisining yarimidan koʻp qismi esa oʻz yurtini tark etishga majbur boʻlgan. Hozirda insonparvarlik yordamiga muhtoj boʻlgan 13 million suriyalikning 5 millionini bolalar tashkil etayotgani achinarli holatdir.

Suriyadagi qonli toʻqnashuvlarni bartaraf etish, hududda barqaror tinchlikni taʼminlash maqsadida 2012 yilning iyun oyida BMT tomonidan Suriya masalalari boʻyicha Jeneva kommyunikesi qabul qilindi.

Ushbu kommyunike asosida Suriya masalasi yuzasidan sakkizta muzokaralar oʻtkazildi. Muzokaralarda mamlakat boshqaruvi, konstitutsiya islohotlarini oʻtkazish, saylovlar tashkil etish va terrorizmga qarshi kurash masalalari muhokama qilindi.

Olib borilgan chora-tadbirlar natijasida Suriya hukumati muxolifat tomon bilan bir necha bor kelishuvga erishgan. Ammo, hududdagi vaziyat doimo bir xil emas. Terror guruh jangarilarining harbiy harakatlari ushbu kelishuvlardan ustun kelib, mamlakatda tinchlik oʻrnatishga raxna solmoqda.

BMTning Suriya boʻyicha maxsus vakili Staffan de Mistura taʼkidlashicha, BMT tomonidan olib borilgan qator tashviqot ishlari natijasida hududda hukumat va muxolifat tomon oʻrtasida ijobiy munosabatlarni tiklashga erishilgan. Tashkilot tashabbusi bilan mintaqada konstitutsiyaviy islohotlarni oʻtkazish maqsadida Suriya konstitutsiyaviy qoʻmitasi tuzilganligi tashkilotning mamlakatda siyosiy barqarorlikni taʼminlash yoʻlida amalga oshirgan asosiy xizmatlaridan biri boʻldi.

1 333
Zuhra Mirzaboyeva, OʻzA