O‘zA O`zbek

22.02.2019 16:34 Chop etish versiyasi

BMT: “Afgʻonistonga zudlik bilan moliyaviy yordam koʻrsatish zarur”

BMT: “Afgʻonistonga zudlik bilan moliyaviy yordam koʻrsatish zarur”

Afgʻonistonda ziddiyatlar davom etmoqda. Oʻtgan yilda kuchli qurgʻoqchilik kuzatildi. Bular oqibatida mamlakat aholisining uchdan bir qismi oziq-ovqat yetishmovchiligidan aziyat chekayotir, BMT ushbu holatdan kelib chiqib, xalqaro hamjamiyatni ogʻir gumanitar krizis xavfidan ogohlantirmoqda.

“Yevronyus”ning qayd etishicha, BMT vakillari donor mamlakatlarni zudlik bilan Afgʻonistonga bu yilda 600 million yevro miqdorida moliyaviy yordam koʻrsatishga chaqirmoqda.

“Hafsalam pir boʻldi. Mana fevral oyi yakunlanmoqda, biz esa zarur mablagʻning uch foizini oldik xolos. Ochlik chegarasida turgan 3,5 million afgʻon taqdiridan xavotirdaman”, degan BMTning Afgʻonistondagi missiyasi vakili Tobi Lanser OAVga bergan intervyusida. 

BMTga koʻra, Afgʻonistonni siyosiy tartibga solish gumanitar muammolarni hal qilish imkonini beradi.

“Eng avvalo tinchlik zarur, bu borada turli davlatlar, asosiysi afgʻon xalqi va hukumati tomonidan 40 yillik urushga barham beruvchi qadamlar qoʻyilishi lozim” deya qoʻshimcha qilgan Tobi Lans. 

BMT tahlilicha, qoʻshni davlatlardagi 4 million afgʻon qochoqlarining oʻz vataniga qaytarilishi Afgʻonistonda barqarorlik kasb etayotgani nishonasidir, ammo bu shundoq ham yarim aholisi qashshoqlikda yashayotgan mamlakat muammolarini yanada murakkablashtiradi. 

Malohat Husanova, OʻzA
612