O‘zA O`zbek

13.06.2019 11:04 Chop etish versiyasi

Bishkek sammiti ShHT jarayonida yana bir marra nuqtasi bo‘ladi

Bishkek sammiti ShHT jarayonida yana bir marra nuqtasi bo‘ladi

Avval xabar qilinganidek, shu yil13-14 iyun kunlari Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti bo‘lib o‘tadi. Uning kun tartibiga ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari ustuvor yo‘nalishlar sifatida kiritilgan. Muhim voqea arafasida xitoylik hamkasblarimiz bilan birgalikda “Shanxay ruhi”ni rivojlantirish bo‘yicha tayyorlangan turkum materiallarni e’tiboringizga havola etmoqdamiz.

ShHT jahon iqtisodiyoti taraqqiyotiga ko‘p tomonlama izchil hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali hissa qo‘shmoqda

Maxsus reportaj

Shanxay hamkorlik tashkiloti o‘zining 18 yillik sanasini Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda nishonlamoqda. O‘tgan vaqt mobaynida mazkur tashkilot barqaror va sog‘lom ruhda rivojlandi.

ShHTning ilk olti a’zosi — Xitoy, O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistondan keyin 2017 yilda yana ikki mamlakat — Hindiston va Pokiston qo‘shildi. Hozirgi vaqtda ShHTda 8 ta a’zo-davlat, 4 ta kuzatuvchi-davlat va 6 ta muloqot uchun hamkor-davlat faoliyat yuritmoqda. O‘z faoliyatining 18 yili davomida ushbu tashkilot jug‘rofiy va aholi soni jihatidan dunyodagi eng yirik tuzilmaga aylanib, Yevrosiyoning beshdan uch qismini va dunyo aholisining qariyb yarmini qamrab oldi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyati yo‘lga qo‘yilganidan buyon Xitoy bilan boshqa ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi savdo aylanmasi 20 barobar ortib, 2018 yil yakunlari bo‘yicha 12 milliard AQSh dollaridan 255 milliard AQSh dollariga yetdi. Tashkilotga a’zo davlatlarning yalpi ichki mahsulotini dunyo mamlakatlari bilan qiyoslaganda20 foizdan oshadi.

ShHT bunday muvaffaqiyatga qanday erishdi? Jahon ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, tashkilotning misli ko‘rilmagan darajada rivojlanishiga asos “hamkorlik” degan kalit so‘zining mavjudligidir. Shanxay hamkorlik tashkiloti xalqaro maydonda multilateralizm — tashqi iqtisodiy munosabatlarning himoyachilaridan biriga aylandi. Uning mexanizmlari har bir mamlakatga barcha sheriklar bilan munosabatlarda teng imtiyozlarga ega bo‘lish imkonini berayotir. Aynan ShHT bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish davlatlarning yanada gullab-yashnashi va jozibadorligini oshirishga ko‘maklashmoqda. Misol uchun, uzoqqa borishga hojat yo‘q: 18 yil ichida Xitoy dunyodagi ikkinchi yirik iqtisodiyotga ega mamlakatga aylandi, Rossiya o‘z milliy iqtisodiyotining qayta tiklanishi uchun aniq tendensiyani namoyon qildi, Qirg‘izistonning yalpi ichki mahsuloti to‘rt barobar oshdi...

Ushbu yutuqlar ShHTga a’zo davlatlarning doimiy sa’y-harakatlari samarasidir. Tashkilot doirasida davlatlar ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikdan sezilarli foyda olgan holda, so‘nggi yillarda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga ko‘proq intilmoqda.

2013 yilning sentabr oyida XXR Raisi Si szinpin “Ipak yo‘lining iqtisodiy belbog‘i” tashabbusini ilgari surdi va bu voqelik ShHTga a’zo mamlakatlar tomonidan tezda ijobiy baholandi. ShHTning deyarli barcha ishtirokchi davlatlari “Bir makon, bir yo‘l” bo‘ylab joylashgan bo‘lib, bu holat ikki tomonlama va ko‘p tomonlama pragmatik hamkorlikni chuqurlashtirishda tabiiy tanlovga aylandi. Megaloyihaning bir qismi sifatida ShHT a’zolari o‘z savdolarini yengillashtirish, ikki tomonlama sarmoyalarni izchil rivojlantirish, iqtisodiyot va savdo sohasida hamkorlikni kuchaytirish, avtomobilsozlik, temir yo‘llar, tunnellar hamda energetika sohasidagi dasturlar va boshqa bir qator infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda birgalikda ish olib bormoqda.

Osiyo — Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha “IHS Markit” tadqiqot markazi bosh iqtisodchisi Radjiv Bisvasning ta’kidlashicha, ShHT sammiti ikki tomonlama hamkorlikni o‘rnatish va rivojlanayotgan mamlakatlar bilan munosabatlarni mustahkamlashda yangi va muhim platformani yaratib berayotir.

O‘tgan yilning iyunida sindao shahrida bo‘lib o‘tgan ShHT sammitida Xitoy tomoni mezbon shaharda ShHT mamlakatlari uchun namunaviy savdo-iqtisodiy hamkorlik zonasini qurishni taklif qildi. Bu yerda 40 ta keng ko‘lamli Xitoy va xorijiy hamkorlik loyihalari tatbiq etilib, yuqori sifatli asbob-uskunalar, biotibbiyot va boshqa sohalar uchun klasterlar yaratiladi. 2022 yilga borib esa import va eksportning yillik hajmi, xorijiy investitsiyalarning umumiy miqdori, xorijiy pudratchilar bilan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha savdo aylanmasi hamda mintaqadagi markaziy hudud va ShHT mamlakatlari o‘rtasidagi ikki tomonlama mehnat munosabatlari ikki barobar ortishi kutilmoqda.

2018 yil yakunida Xitoy ShHTga a’zo davlatlar hududida yettita savdo-iqtisodiy hamkorlik zonasini tashkil etdi. Tashkilotga a’zo mamlakatlarga kiritilgan sarmoyalarning umumiy hajmi 86 milliard AQSh dollaridan oshdi. Qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish, infratuzilma inshootlari munosabatlarning ustuvor yo‘nalishiga aylandi.

Mahalliy tahlilchilar ta’kidlaganidek, Xitoy va Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar ko‘p tomonlama manfaatli hamkorlikdan foydalanib, xalqaro iqtisodiy aloqalar pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Haqiqatan ham, iqtisodiy ko‘rsatkichlar ShHTga a’zomamlakatlarning qarorlari samaradorligini tasdiqladi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi aprel oyi bo‘yicha jahon iqtisodiyoti holati to‘g‘risidagi hisobotida 2019 yilda global iqtisodiy o‘sish prognozini 3,3 foizga tushirdi. O‘z navbatida, Xitoy prognozini 6,3 foiz o‘sishga yetkazilishini ma’lum qildi. “Assoshieyted press” axborot agentligiXitoy iqtisodiyoti birinchi chorakda barqaror bo‘lganini qayd etib, import talabi yuqoriligi global iqtisodiy faolliknirag‘batlantirishga yordam berishiga e’tibor qaratdi.

2018 yilda Rossiya bilan Xitoy o‘rtasidagi savdo hajmi 100 milliard AQSh dollaridan oshgani tarixiy rekord hisoblanadi. Xuddi shu yili Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmining sezilarli o‘sishi kuzatildi. Prognozga ko‘ra, bu o‘sish tendensiyasi joriy yilda ham izchil davom etadi.

Shuni ta’kidlash joizki, jahon savdosining pasayishi bilan bir vaqtda ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ham bir nechabaravar ortmoqda.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si szinpin ta’kidlaganidek, odamlar yuradigan yo‘llar kengroq bo‘ladi. Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zomamlakatlar 18 yil davomida farovonlik, xavfsizlik va imkoniyatlarni kengaytirishga intildi, natijada savdo yo‘nalishlari tobora kengayib, mablag‘ va tovarlarning mamlakatlar o‘rtasida erkin harakat qilinishiga imkon yaratildi. Shanxay hamkorlik tashkiloti nisbatan navqiron yoshda bo‘lsa-da, uning a’zolari va hamkorlaridan juda ko‘p narsani o‘rgandi. Tashkilot foydali tajriba almashishga tayyor va boshqalarning muvaffaqiyatidan mamnundir. Dunyo taraqqiyoti xuddi ShHTga o‘xshash tuzilmalardan barcha jarayoga ijobiy yondashishni talab qiladi.

Munosabat

Si szinpin: ShHT — xalqaro munosabatlarda yangi aloqalarni shakllantirish uchun foydali platforma hisoblanadi

Shanxay hamkorlik tashkiloti xalqaro munosabatlarda yangi aloqalarni shakllantirishda foydali bo‘ladi. Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si szinpin “TASS” va “Rossiyskaya gazeta” nashriga bergan intervyusida alohida aytib o‘tdi.

Chunonchi, Si szinpin ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar xususida so‘z yuritar ekan, ShHTning 18 yillik faoliyati davomida Xitoy va Rossiya o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash yo‘llarini muvofiqlashtirib, mintaqada tinchlik hamda barqarorlikni ta’minlash, taraqqiyot va farovonlikni oshirishni tashkilotning uzluksiz rivojlanishi hamda mustahkamlanishiga ko‘maklashadi.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisining fikricha, ShHT doirasida ikki davlatning o‘zaro munosabatlari, birinchi navbatda, “Shanxay ruhi”ni rivojlantirishda o‘ziga xos o‘rin tutadi.

— “Shanxay ruhi”: o‘zaro ishonch, o‘zaro manfaat, tenglik, maslahat, madaniy xilmaxillikni hurmat qilish, umumiy rivojlanish istagi — ana shular ShHTning asosiy g‘oyasidir, — dedi Si szinpin.

— Xitoy ShHTga a’zo-davlatlar bilan birgalikda turli sivilizatsiyalar to‘qnashuvi, “sovuq urush” va boshqa salbiy qoliplardan voz kechib, konstruktiv hamkorlikni, o‘zaro hurmat, teng huquqlilik, adolat va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yo‘lga qo‘ydi, — deya ta’kidladi XXR Raisi.

— O‘tgan yili sindao sammitida tomonlar yangi tarixiy bosqichda ShHTni rivojlantirish rejasini ishlab chiqdilar, —dedi Si szinpin. — Bishkekda o‘tadigan sammit ShHT jarayonida yana bir burilish nuqtasi bo‘ladi. Xitoy barcha a’zo mamlakatlarbilan birdamlik, o‘zaro ishonch va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash uchun birgalikda harakat qilishga tayyor.

ShHT Bosh kotibi:

“Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi ishtirokchi davlatlarning birgalikda rivojlanishiga keng imkoniyatlar yaratadi

Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Vladimir Norov Pekin shahrida ShHT kotibiyatida o‘tkazilgan brifingda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusining amalga oshirilishi ishtirokchi mamlakatlarning birgalikda rivojlanishi uchun qulay imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi. “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi ShHTning maqsadlari, vazifalari va tamoyillariga to‘liq mos keladi.

V. Norov xalqaro hamkorlik bo‘yicha “Bir makon, bir yo‘l” yuqori darajadagi ikkinchi forumi yaqinda muvaffaqiyatli yakunlanganini bildirdi. Uning qayd etishicha, mazkur loyiha milliy iqtisodiy rivojlanish strategiyalari, ayniqsa, Markaziy Osiyo mamlakatlarining dengiz portlariga bevosita chiqishini hal qilish va mintaqani Sharqdan G‘arbga, Shimoldan Janubga qadar bog‘lovchi transkontinental magistral chorrahasigaaylantirishda keng istiqbolga ega.

Bosh kotib alohida qayd etganidek, ShHTga a’zo davlatlar sindao deklaratsiyasida xalqaro savdo munosabatlari va savdo proteksionizmining har qanday shakllarda bo‘linishining oldini olish uchun intiladi.

— Shuning uchun ShHTga a’zo davlatlar ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirib, savdo tartib-qoidalarini soddalashtirish yo‘li bilan o‘zaro savdo uchun huquqiy bazani mustahkamlashga intilmoqda, —dedi tashkilot Bosh kotibi.

Bundan tashqari, V. Norov ShHT tomonidan xavfsizlik sohasida erishilgan natijalar haqida ham so‘z yuritdi.

— ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi sa’y-harakatlari bilan xavfsizlikka tahdid va tahdidlarga qarshi kurashish sohasida a’zo davlatlarning vakolatli organlari faoliyatini muvofiqlashtirishga ko‘maklashilmoqda, — dedi u.

Ma’lumki, shu yilning 13-14 iyun kunlari Bishkek shahrida bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining 19-majlisida ishtirokchilar ShHTni rivojlantirish istiqbollari, xavfsizlik, iqtisodiyot, savdo-sotiq va gumanitar sohalarda hamkorlikni mustahkamlash, yirik xalqaro va mintaqaviy masalalarni muhokama qilish yuzasidan fikr almashadilar.

— Sammit doirasida mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishni kuchaytirish, axborot texnologiyalari sohasi, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash va sport yo‘nalishlarida aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hujjatlar to‘plami imzolanishi kutilmoqda, — dedi V. Norov.

Bosh kotibning fikricha, Bishkek sammiti ShHT doirasida ko‘p tarmoqli hamkorlikni kuchaytirishga alohida hissa qo‘shishi, shubhasiz.

Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi

O‘zA
769