O‘zA O`zbek

22.06.2020 Chop etish versiyasi

Belarusda davlat toʻntarishining oldi olindi

Belarusda davlat toʻntarishining oldi olindi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko siyosiy raqibining qoʻlga olinishini va uni qoʻllab-quvvatlash uchun uyushtirilgan norozilik aksiyasini shunday izohladi.

Prezident Aleksandr Lukashenkoning bayonot berishicha, mamlakat hukumati “qandaydir toʻntarish”ning oldini olishga muvaffaq boʻlgan, bu haqda “BelTA” agentligi xabar tarqatdi.

Lukashenko “mamlakatdagi tinch vaziyatni izdan chiqarmoqchi boʻlgan maʼlum bir kuchlar” faollashganini taʼkidladi.

- Biz ulardan ildam harakat qildik va Belarusni beqarorlashtirishga qaratilgan keng qamrovli rejasining oldini olishga muvaffaq boʻldik. Bu hazil emas va qoʻrqitish ham emas. Ularning maqsadi odamlarni ommaviy ravishda koʻchaga olib chiqish boʻlgan. Mamlakat ichkarisidagi qoʻgʻirchoqlar va Belarusdan tashqarida oʻtirib ularni oʻynatayotgan qoʻgʻirchoqbozlarning ham niqoblari yulib tashlandi, - dedi Lukashenko.

Taʼkidlanadiki, yaqinda Belarusda biznesmen Viktor Babariko hibsga olingan. U 2020-yil avgust oyida Belarusda boʻlib oʻtadigan prezidentlik saylovida Lukashenkoning asosiy raqibi boʻlishi kutilayotgan edi. U qonunga zid harakatlar qilganlikda ayblanmoqda.

2 295
OʻzA