O‘zA O`zbek

03.07.2020 Chop etish versiyasi

Belarus xalqi Mustaqillik kunini nishonlamoqda

Belarus xalqi Mustaqillik kunini nishonlamoqda

Bugun – Belarus Respublikasi Mustaqillik kuni. Ushbu bayram 1944-yil 3-iyulda Minsk shahrining nemis fashist bosqinchilaridan ozod etilgan kun sharafiga har yili nishonlanadi. Shu kuni poytaxt koʻchalarida, viloyat va tumanlar markazlarida turli tadbirlar, marosimlar oʻtkaziladi. Bu yil ham ushbu sana katta tantana bilan bayram qilindi.

“BelTA” axborot agentligining xabar qilishicha, Mustaqillik kuni munosabati bilan Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko va mamlakat xalqi nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, siyosatchilar, jamoat arboblaridan tabriklar kelmoqda.

Jumladan, MDH, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari rahbarlari, shuningdek, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, MDH Ijroiya qoʻmitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev, SHHT Bosh kotibi Vladimir Norovlar qutlagan.

Prezident Lukashenko bayram munosabati bilan oʻz tabrigida Belarus mustaqil davlat sifatida jahon hamjamiyatida oʻz oʻrniga ega ekanini taʼkidlagan. “Ushbu bayram har bir belarus uchun alohida maʼno-mazmunga ega. Bizning ming yildan ortiq tariximiz – xalqimizning hamisha oʻz zamini, maʼnaviy qadriyatlari va oʻz taqdirini oʻzi belgilash uchun olib borgan doimiy kurashlaridan iborat", – deyiladi uning tabrigida.

Aleksandr Lukashenko Mustaqillik kuni munosabati bilan Gʻalaba maydonida gul qoʻyish marosida ishtirok etgan.

“Belarus – tinchliksevar davlat va har doim shunday boʻlib qoladi. Biz mamlakatlar va xalqlar oʻrtasida muloqot, tenglik asosida oʻzaro manfaatli hamkorlik tarafdorimiz”, – degan davlat rahbari gul qoʻyish marosimida.

Prezident bugun Mustaqillik kunida, “Belarus unutmaydi” deb nomlangan tantanali yurishda ishtirok etdi", deyiladi “BelTA” xabarida.

1 986
OʻzA