O‘zA O`zbek

13.04.2020 Chop etish versiyasi

Bangladeshda birinchi Prezident qotili qatl etildi

Bangladeshda birinchi Prezident qotili qatl etildi

Bangladesh hukumati Dakkadagi turmada mamlakat birinchi prezidenti Shayx Mujibur Rahmonning qotili boʻlmish sobiq armiya zobiti Abdul Majidni qatl etish toʻgʻrisidagi hukmni ijro etdi. Bu haqda “The Week” nashri xabar tarqatgan.

Prezident Rahmon 1975-yilning 15-avgustida oʻzining Dakkadagi qarorgohida rafiqasi, uch oʻgʻli va boshqa yaqin qarindoshlari bilan birga oʻldirilgan. Oiladan faqat oʻsha payt xorijda boʻlgan davlat rahbarining ikki qizi omon qolishgan.

“Mahbus yakshanba kuni soat 00:01 da osib oʻldirilgan“, — deya maʼlumot bergan qamoqxonalar boʻyicha bosh inspektor, brigada generali Mustafo Kamol-Posho.

Oʻlim hukmi amaldagi prezident Abdul Hamid avf etish toʻgʻrisidagi iltimosni rad etganidan toʻrt kun oʻtib amalga oshirilgan. Oʻsha kuniyoq Dakka Okrug va Shoʻba sudi 7-aprel kuni hibsga olingan Majidga nisbatan tegishli hukmni chiqargan.

Davlat toʻntarishidan soʻng turli yuqori lavozimlarda ishlagan Majid 1996-yil, Bangladesh Bosh vaziri etib tayinlangan birinchi prezidentning qizi Shayx Hasina Vazid oʻz oilasi oʻlimi bilan bogʻliq voqealar yuzasidan tergov jarayonini qayta tiklagach, xorijga chiqib ketishga majbur boʻlgandi.

Bundan 45 yil muqaddam Bangladeshda roʻy bergan harbiy toʻntarish chogʻida qotillikda ayblangan 15 kishidan biri — Abdul Majid avvaliga Liviya va Pokistonda, keyinchalik Hindistonda yashirinib yurdi. Hind yurtida ham koronavirus pandemiyasi keng tarqala boshlagach, u 15 yoki 16-mart kuni Bangladeshga qaytgandi.

1 395
OʻzA