O‘zA O`zbek

26.03.2020 Chop etish versiyasi

AQSHning Afgʻoniston boʻyicha navbatdagi qarori nimani anglatadi?

AQSHning Afgʻoniston boʻyicha navbatdagi qarori nimani anglatadi?

Rossiya Federatsiyasi prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili, Osiyo ikkinchi departamenti rahbari Zamir Kabulov AQSH davlat kotibi Mayka Pompeoning Afgʻonistonga koʻrsatilayotgan moliyaviy yordam bir milliard dollarga qisqartirilishi xususidagi soʻzlarini Rossiya ushbu mamlakatga bosim oʻtkazish vositasi sifatida qabul qilish mumkinligini bildirgan.

Yodingizda boʻlsa, bu haqda Pompeo hafta boshida, Afgʻonistonga safaridan soʻng, aniqrogʻi “inklyuziv hukumat” tuzish toʻgʻrisidagi kelishuv barbod boʻlgach bayonot bergandi.

“Bosimning ayni vositasi har ikki tomonga, yaʼni Pompeo yarashtira olmagan Ashraf Gʻani va Abdulla Abdullaga qaratilgan. Aftidan, ular bildirilgan takliflarni qabul qilishmagan. Demak, bu oʻziga xos tutaqish ifodasi”. – Kabulovning bu soʻzlarini keltiradi “RIA Novosti”.

Siyosatchining soʻzlariga koʻra, AQSH tomonidan tanlangan yoʻl qanchalik toʻgʻri ekanligini faqat kelajak koʻrsatadi.

Kabulovning taʼkidlashicha, Rossiya TIV oʻz navbatida Afgʻoniston Islom Respublikasidagi barcha masʼul siyosiy kuchlar vakillarini kelishmovchiliklarni chetga surib qoʻyib, jahon hamjamiyati tomonidan umumiy qabul qilingan maʼmuriyatni shakllantirishga chaqiradi.

Bundan tashqari Rossiya Tashqi ishlar vazirligi AQSHning, Pompeo aytganidek, Afgʻonistondan oʻz qoʻshinlarini olib chiqishda davom etishini qoʻllab-quvvatlamoqda. Kabulov oʻz soʻzlariga qoʻshimcha qilib, Qoʻshma Shtatlar AQSH va Toliblar oʻrtasida Doxa shahrida erishilgan kelishuvlar asosidagi majburiyatlarini bajarishda davom etishi “aql bilan ish tutish” ekanini aytgan.

Avvalroq Pompeo Qatar poytaxtida “Tolibon” radikal harakati siyosiy idorasi vakili va harakatning bosh kelishuvchisi mulla Barodar Oxund bilan uchrashgandi. Oʻshanda tomonlar AQSH va “Tolibon” oʻrtasida kelishuvni amalga oshirish va zudlik bilan asirlarni ozod qilish masalasini muhokama qilishgan edi. Qolaversa, AQSH davlat kotibi Qoʻshma Shtatlar Afgʻonistondan oʻz qoʻshinlarini “belgilangan muddatlarda” olib chiqishda davom etishini vaʼda qilgandi.

AQSH va Afgʻonistondagi “Tolibon” harakati joriy yilning 29-fevral kuni Qatarda tinchlik bitimini imzolagan. Mazkur hujjat amerika qoʻshinlarining afgʻon zaminidan olib chiqib ketilishi va ichki afgʻon muloqoti boshlanishini nazarda tutadi.

Tomonlar oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq, AQSH 135 kun mobaynida Afgʻonistondagi harbiylari sonini 12 mingdan 8,6 ming kishiga kamaytirishi zarur. Shundan keyin, agar toliblar zoʻravonlik harakatlarini toʻxtatadigan boʻlsa, Amerika va NATOga qarashli barcha kuchlar 14 oy davomida mamlakatni tark etadi.

Qisqasi, ushbu bitim “doimiy va har tomonlama yarashuv”ni koʻzda tutadi. “Tolibon” va Afgʻoniston hukumati oʻrtasidagi kelishuvlar ichki afgʻon muloqoti doirasida olib boriladi. Mazkur muloqot yoʻlga qoʻyilgach, “Tolibon” BMT Xavfsizlik kengashi bilan oʻz aʼzolarini sanksiyaviy roʻyxatlardan chiqarish boʻyicha hamkorlikni boshlaydi. Bu voqealar 2020-yilning may oyi oxirlariga borib roʻy berishi mumkin.

Darvoqe, xabarda AQSH tomonidan toliblarning oʻqqa tutilishi tinchlik bitimi qoidalarining buzilishi sifatida baholangan.

733
OʻzA