O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

AQShda oshkora munozaralar kelasi hafta boshlanadi

AQShda oshkora munozaralar kelasi hafta boshlanadi

Prezident Donald Trampga impichment masalasi yuzasidan tekshirish doirasidagi oshkora munozaralar kelasi hafta boshlanadi. 

Bu haqda AQSh kongresi vakillar palatasining razvedka qo‘mitasi rahbari Adam Shiff bayonot berdi.

Qayd etilishicha, 13 noyabr kuni ochiq ko‘rsatmalarni AQShning Ukrainadagi ishlari muvaqqat ishlar vakili Uilyam Teylor va AQSh davlat kotibining yordamchisi o‘rinbosari Jorj Kent, 15
noyabr kuni esa AQShning Ukrainadagi sobiq elchisi Mari Yovanovich ko‘rsatma bera boshlaydi.

Demokratlar Trampni mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni AQShdagi saylovoldi kampaniyasiga aralashish uchun ishlatishga urinishda ayblamoqda. 

Tramp va uning tarafdorlari ayblovni to‘laligicha rad etmoqda.

AQShning ukrain siyosati shakllanishiga aloqador bo‘lgan Tramp administratsiyasining o‘ndan ziyod diplomatlari va xodimlari Kongressda ko‘rsatma berdi. 

Ularning barchasi Kievga bosim ko‘rsatish alomatlari borligiga ishora qilishdi. Biroq birortasida AQSh prezidentining mazkur jarayonga bevosita aralashuviga oid dalillari yo‘q.

Agar Vakillar palatasi Trampga impichment e’lon qilsa, shundan keyin bu ishni AQSh Senati ko‘rib chiqishni boshlaydi.

Prezidentni butkul hokimiyatdan chetlatish borasida yakuniy qarorga kelish uchun Kongressning yuqori palatasida senatorlarning uchdan ikki qismining ovozi kerak bo‘ladi.

340
O‘zA