O‘zA O`zbek

23.06.2020 Chop etish versiyasi

AQSHda ishlash imkoniyatini beruvchi vizalar berilishi vaqtincha toʻxtatiladi

AQSHda ishlash imkoniyatini beruvchi vizalar berilishi vaqtincha toʻxtatiladi

AQSH Prezidenti Donald Tramp dushanba kuni xorijlik fuqarolarga AQSHda ishlash imkoniyatini beruvchi vizalar berilishini 2020-yil oxirgacha toʻxtatish toʻgʻrisidagi farmoyishni imzoladi.

Farmon viza istovchilarning katta kategoriyasiga: asosan yuqori texnologiyali Amerika sanoat kompaniyalari tomonidan yollanadigan yuqori malakali mutaxassislar bilan bir qatorda mavsumiy ishchilarga ham taalluqlidir. Oq uy vakillarining aytishlaricha, bu qaror koronavirus pandemiyasi tufayli AQSHda iqtisodiy faollik pasayishi oqibatida ishdan ayrilgan amerikaliklarni ish oʻrinlari bilan taʼminlash maqsadida qabul qilindi. Taqiqlov tibbiyot xodimlari va oziq-ovqat sanoatida band boʻlgan ishchilarga taalluqli emas.

Prezidentning mazkur farmoni aprelda joriy qilingan viza berishni taqiqlash muddatini uzaytiradi. U sentyabrgacha amal qilishi kerak edi. Oq uyning fikricha, shu tariqa mamlakatga 500 mingdan ortiq ajnabiyning kirishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Migratsiya siyosati Instituti nohukumat tashkilotining fikricha, taqiqlov 325 ming xorijlikka tegishli boʻladi. Shu kungacha viza olishga muvaffaq boʻlganlar AQSHga kirishlari mumkin.

Oq uyning qarori ayrim Amerika kompaniyalari va qonun chiqaruvchilar tomonidan tanqid qilindi, ularning fikricha, Qoʻshma Shtatlar yuqori malakali ishchilar, ayniqsa dasturchi va injenerlarga ehtiyoj sezmoqda. Google rahbari Sundar Pichay prezident Tramp qaroridan “hafsalasi pir boʻlganini” bildirdi. Twitter korporpatsiyasi vakili bu qarorni Qoʻshma Shtatlar “iqtisodiy poydevoriga zarar yetkazuvchi, uzoqni koʻra bilmaslik” deya atadi. Senator-respublikachilar Lindsi Grem va Djon Kornin prezidentga murojaat qilib qarorni qayta koʻrib chiqishga chaqirdi. Wall Street Journal gazetasining yozishicha, prezident qarori sudda koʻrib chiqilishi mumkin.

Jamoatchilik fikrini oʻrganish xulosalariga koʻra, AQSH aholisining koʻpchiligi, immigrantlar asosan amerikaliklarni qiziqtirmaydigan ishlarni bajarishlarini aytishgan.

2 254
O'zA