O‘zA O`zbek

23.05.2020 Chop etish versiyasi

AQSH yadro quroli sinovini boshlash masalasini koʻrib chiqmoqda

AQSH yadro quroli sinovini boshlash masalasini koʻrib chiqmoqda

AQSH hukumati 1992-yildan buyon ilk bor yadro sinovini amalga oshirish imkoniyatini muhokama etdi, deb yozadi The Washington Post gazetasi.

AQSH prezidenti Donald Tramp maʼmuriyatiga yaqin boʻlgan manbadan maʼlum qilinishicha, ushbu masala oʻtgan juma kuni milliy xavfsizlikning oliy organlari rahbarlari oʻrtasida boʻlib oʻtgan majlisda muhokama qilingan. Mazkur majlis Oq uyda Rossiya bilan Xitoy tomonidan unchalik kuchli boʻlmagan yadro bombalari yashirin tarzda sinab koʻrilayotgani haqidagi xabar paydo boʻlgandan keyin chaqirildi. Ammo ushbu yadro sinovlari haqida dalillar keltirilmagan.

Uchrashuvda moratoriyani buzish haqida bir toʻxtamga kelinmadi, muhokama davom etmoqda. Gazetaning yozishicha, AQSH yadro sinovini tez fursatda tashkillashtirish imkoniyatini Rossiya bilan Xitoyga namoyish qilsa, bu yadro qurollarini nazorat qilish boʻyicha uch tomonlama muzokaralarda Oq uy uchun foydali boʻlishi mumkin.

Yana bir manbada majlis yakunida Rossiya bilan Xitoy tahdidiga javob choralarini koʻrishga qaror qilingan, biroq yadro sinovini qaytadan boshlash maqbul koʻrilmagani aytiladi.

1996-yilda BMT Bosh assambleyasida yadro qurollari sinovini har tomonlama taqiqlash boʻyicha shartnoma imzolangan edi. Ushbu hujjatni imzolagan mamlakatlar havoda, koinotda va suv ostida yadro sinovlarini oʻtkazmaslik shartini qabul qilgan.

1 333
OʻzA