O‘zA O`zbek

14.10.2019 Chop etish versiyasi

AQSh-XITOY savdo munosabatlari ijobiy tus ola boshladi

AQSh-XITOY savdo munosabatlari ijobiy tus ola boshladi

Xitoy AQSh bilan savdo bitimi shartlarini allaqachon bajarishni boshlagan. Ikki mamlakat prinsipial jihatdan kelishuvga erishgan va Xitoy Amerikadan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olishni boshlagan.

Yakshanba kuni AQSh Prezidenti Donald Tramp bu haqda Tvitterda ma’lum qilgan. 

Amerika rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bitimning shartlaridan biri shundaki, tomonlar bitimni imzolashdan oldin darhol xaridni davom ettirishlari lozim. "Xitoy allaqachon bizning vatanparvar dehqonlarimizdan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olishni boshladi", degan u.

Trampning qo‘shimcha qilinishicha, AQSh-Xitoy savdo bitimining keng miqyosli birinchi qismi nihoyasiga yetadi va hujjatning ikkinchi qismiga o‘tiladi. Birinchi qism yaqin orada imzolanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Amerika rahbari juma kuni Xitoy Davlat kengashi Bosh vazirining o‘rinbosari Lyu Xe bilan muzokaralardan so‘ng jurnalistlarga Vashington va Pekin o‘zaro savdo mojarolarini hal qilish bo‘yicha kelishuv doirasida "muhim bosqich" ga kelganini ma’lum qilgan edi.

Avvalroq, 1 oktyabrdan 15 oktyabrgacha Amerika yetakchisi 250 milliard dollar qiymatidagi Xitoy tovarlariga boj stavkalarini 25 foizdan 30 foizgacha oshirishni kechiktirdi. O‘z navbatida, Xitoy hukumati 17 sentabr kuni AQShning 16 turdagi mahsulotlarini qo‘shimcha tariflardan ozod qilishga qaror qildi. 

1 677
Malohat HUSANOVA, O‘zA