Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.04.2018 11:59 Chop etish versiyasi

AQSh va Xitoy savdo urushi: bojlar miqdori 100 milliard dollarga chiqishi mumkin

Bugun Xitoy Xalq Respublikasi Savdo vazirligi yangi bayonot bilan chiqdi.

“Xitoy AQSh bilan savdo-sotiq qarama-qarshiligida o‘z manfaatlarini himoya qilishga tayyor. Qo‘shma shtatlar dunyo hamjamiyati va XXRning noroziligini hisobga olmay, savdo sohasida proteksionistik yo‘lda ketishda davom etsa, Pekin hal qiluvchi chorani qo‘llaydi”, deyilgan bayonotda.

Vazirlikning bunday bayonot bilan chiqishiga kuni kecha AQSh Prezidenti Donald Trampning Xitoydan import qilinadigan tovarlarga qo‘shimcha bojlar kiritish bo‘yicha bergan farmoyishi sabab bo‘ldi. Mazkur farmoyishda Xitoy mahsulotlariga qo‘yiladigan bojlar umumiy miqdorini 100 milliard dollargacha yetkazish imkoniyatlarini aniqlash vazifasi qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, hafta boshida AQSh Xitoyning 1,3 ming turdagi mahsulotiga import boji qo‘yilishini ma’lum qilgan edi. Bu bilan cheklanmagan Vashington o‘z mahsulotlariga tegishli intelektual huquqlar buzilayotganini ro‘kach qilgan holda Xitoyning keng turdagi mahsulotlarga yangi bojlar qo‘yish borasida taklifini ham berdi. Shu asnoda AQSh Xitoyni import bojlari evaziga yiliga 50 milliard dollardan to‘lashga majbur qilmoqchi. Unga javob chorasi sifatida Xitoy Davlat kengashi AQShning 106 turdagi mahsulotiga 25 foizlik boj qo‘yish haqidagi qarorni qabul qildi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp joriy yilning 23 martida “Xitoy savdo tahdidlariga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi memorandumni imzolagan. Mazkur hujjat Xitoy mahsulotlariga cheklovlarni joriy etishga ruxsat beradi.

Malohat Husanova, O‘zA
3 740