O‘zA O`zbek

14.02.2019 Chop etish versiyasi

AQSH senatorlari Rossiyaga qarshi sanksiyalar haqida yangi qonun loyihasini taqdim etdi

AQSH senatorlari Rossiyaga qarshi sanksiyalar haqida yangi qonun loyihasini taqdim etdi

INTERFAX.RUning xabar berishicha, AQSHning bir guruh senatorlari “xorijdagi bir qator demokratik institutlar ishiga putur yetkazgani hamda Ukrainadagi inqirozga aloqador boʻlgani” sababli Rossiyaga qarshi qoʻshimcha sanksiyalar qoʻllashni nazarda tutuvchi yangi qonun loyihasini taqdim etdi.

Senatning tashqi ishlar boʻyicha qoʻmitasi tarqatgan maʼlumotga koʻra, respublikachilardan Lindsi Grem va Kori Gardner hamda demokratlardan Bob Menendez, Ben Kardin va Djin Shaxinlar mazkur hujjat mualliflaridir. Ular “boshqa mamlakatlar demokratik institutlariga tazyiqini qoʻllab-quvvatlayotgani uchun “Rossiya banklariga qarshi sanksiyalarni qoʻllashni taklif etmoqda. Bundan tashqari senatorlar sanksiyalarni Rossiya STG (siqilgan tabiiy gaz)lariga yoʻnaltirilgan xorijiy investitsiyalarga nisbatan ham qoʻllash zarur, deb hisoblamoqda. Shuningdek, qonun loyihasida Rossiya suveren qarzlari bilan bogʻliq sanksiyalar ham eʼtibordan chetda qolmagan.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi harakatlariga javob sifatida senatorlar “Rossiya Kerch boʻgʻozida kemalar qatnovi erkinligini buzishga urinsa” uning kemachilik sanoatiga qarshi ham choralar qoʻllashni taklif qilgan.

Ushbu qismga senatorlar Rossiyadagi neft resurslarini oʻzlashtirishni qoʻllab-quvvatlovchi hamda mamlakatdan tashqarida mavjud boʻlgan Rossiya davlat energetika loyihalariga qarshi bir qator sanksiyalarni kiritgan.

Senator Menendezning taʼkidlashicha “Prezident Trampning Kremlning “agressiyalari“ga qarshi “puxta oʻylangan” harakatsizligi “Kongress sabr kosasini toʻldirgan“.
“Moskva haqiqiy qarshilikka duch kelmaguncha bosimni kuchaytiraverishiga shubha yoʻq. Qonun loyihasi Prezident boshqacha yoʻlni tutgan taqdirda ham AQSH Kongressi bizning tashkilotlarimiz, ittifoqchilarimiz va boyliklarimizni himoya qilishga qodirligini namoyish etishi zarur“, deyiladi Menendez axborotida.

Senator Gremning axborotida esa “yangi qonunning maqsadi - oʻta muhim sanksiyalarni joriy etishdir. Qonun loyihasidan joy olgan sanksiyalar va choralar ilgari joriy etilganlaridan ancha kuchlidir“, deyiladi.

Gʻarb OAVning taʼkidlashicha, Grem va Menendez ilgari ham shunga oʻxshash qonun loyihasini tasdiqlatishga urinib koʻrgan. Ularning bu loyihasi avvalgisiga qaraganda ancha kuchlidir.

1 163
G.Azimova, OʻzA