O‘zA O`zbek

10.09.2019 Chop etish versiyasi

AQSh prezidenti harbiy xarajatlar Rossiya va Xitoy tufayli oshganini ma’lum qildi

AQSh prezidenti harbiy xarajatlar Rossiya va Xitoy tufayli oshganini ma’lum qildi

Amerika ma’muriyati Rossiya va Xitoy tufayli mamlakat qurolli kuchlarini qayta qurish va harbiy xarajatlarni oshirishga majbur bo‘lgan. TASSning yozishicha, bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp bayonot bergan. 

“Biz AQSh qurolli kuchlarini rekord darajada moliyalashga erishdik. O‘tgan yilda harbiy xarajatlarga 700, bu yilda 716 milliard ajratilgan, kelasi yilda 738 milliard dollarni tashkil qiladi. Boshqa tanlovimiz qolmadi, bugun Xitoy, Rossiya, radikal islom va barchasi tufayli qo‘shinimizni qayta qurdik. Biz buni bajarishimiz lozim edi”, degan Amerika yetakchisi Shimoliy Karolinadagi tarafdorlari oldidagi chiqishida. Marosimni C-Span telekanali translyatsiya qilgan. 

Trampning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat qurolli kuchlari “tamomila kuchsizlangan” bo‘lgan. 
“Endilikda bizda ajoyib F-35 ( beshinchi avlod qiruvchi bombardimonchilar), F-18, yangi kemalar, yangi raketalar bor, bizda barchasi yangi” deya qo‘shimcha qilgan AQSh davlat rahbari. 

Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan asrning boshida AQSh harbiy xarajatlari mamlakat YaIMning 1 foizini tashkil qilgan. Birinchi jahon urushida harbiy budjet 20 foizga, Ikkinchi jahon urushida 31 foizga oshgan. 

Ronald Reygan prezidentligida 1989 yil harbiy budjet miqdori 303 milliard dollarga chiqadi. Oq uyni Bill Klinton boshqargan 90 yillarda mamlakat mudofaasiga 270 milliard dollar sarflangan. Kichik Jorj Bush prezidentligida Afg‘oniston ( 2001 yilning oktabridan) va Iroq ( 2003 yilning martidan) harbiy xarajatlar deyarli 2 martaga oshgan. 2016 yilda AQSh harbiy budjeti 607, 2017 yilda 619 milliard dollarni tashkil qilgan.

782
O‘zA