O‘zA O`zbek

08.10.2019 Chop etish versiyasi

AQSh “Ochiq osmon“ to‘g‘risidagi shartnomadan chiqib, Ukrainaga zarar yetkazishi mumkin

AQSh “Ochiq osmon“ to‘g‘risidagi shartnomadan chiqib, Ukrainaga zarar yetkazishi mumkin

AQSh kongressmeni, Vakillar palatasining tashqi aloqalar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Eliot Engel, Vashington "Ochiq osmon" to‘g‘risidagi shartnomadan chiqish masalasini ko‘rib chiqayotgani ma’lum qildi. U Tramp ma’muriyatining bu harakatidan xavotirda va Oq uyni shoshqaloqlik qilmaslikka chaqirgan. 

RIA Novosti xabariga ko‘ra, Engel o‘z maktubida AQSh prezidentning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Robert Brayenga murojaat qilgan. 

Engelning fikricha, shartnoma Rossiyani kuzatuvchi vosita sifatida kerak. U “Rossiya Federatsiyasida harbiy harakatlarni kuzatib borish“ga imkon beradi. Shartnomadan chiqish NATOning parchalanishiga olib keladi. 

Qurollarni nazorat qilish va tarqatmaslik markazining siyosiy masalalar bo‘yicha katta direktori Aleksandr Bellning ta’kidlashicha, agar AQSh ushbu shartnomadan chiqsa, bundan ayniqsa Ukraina zarar ko‘radi. Bugungi kunda Kiev shartnomadan o‘zining chegaralarini kuzatishda foydalanib kelmoqda. AQShning undan chiqishi shartnomani amalda yo‘qqa chiqaradi. 

Ekspert, shuningdek, davlatlar uchun shartnomadan chiqish “o‘z oyog‘iga o‘zi bolta urish“ va “ittifoqdoshlar yuziga shapoloq urish“ bilan barobar ekanligini ta’kidlagan. Tramp shartnomadan chiqish bilan bir vaqtlar mamlakatlarni “sovuq urush“dan olib chiqqan strukturani yo‘q qilishi mumkin. 

“Ochiq osmon“ to‘g‘risidagi xalqaro shartnomaga ko‘ra, ishtirokchi davlatlar oshkora bir-birlarining qurolli kuchlari to‘g‘risida ma’lumot to‘plashlari mumkin. 

353
Malohat HUSANOVA, O‘zA