Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.04.2018 11:05 Chop etish versiyasi

AQSh bilan ziddiyat Xitoy iqtisodiyotiga ta’sir qilmaydi

AQSh bilan ziddiyat Xitoy iqtisodiyotiga ta’sir qilmaydi RIA Novostining yozishicha, Xitoy davlat statistika byurosining umumiy statistika va milliy iqtisodiyot bo‘limi boshlig‘i Sin Chjixun AQSh bilan savdo ziddiyati mamlakat iqtisodiyotiga ta’sir qilmasligini ma’lum qilgan.

“Ko‘p yillar davomida Xitoy iqtisodiyoti jadal rivojlanib, barqarorlik va mustahkamlik kasb etdi. Shu boisdan ham Qo‘shma Shtatlar bilan savdo-sotiq borasidagi qarama-qarshiliklar davlatimiz iqtisodiyotining o‘sish sur’atlariga ta’sir qilmaydi. Xitoy iqtisodiyoti egiluvchan, u har qanday o‘zgarishlarga tez moslashadi”, degan Sin Chjixun bugun o‘tkazilgan brifingda.

U shuningdek, Amerikaning bir tomonlama proteksionizmi butun dunyoni xavotirga solganini qo‘shimcha qilib, Xitoy AQSh uchun hal qiluvchi choralarni ko‘rib qo‘yganini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh o‘z mahsulotlarining intelektual huquqlari Pekin tomonidan buzilayotganini ro‘kach qilib, Xitoyning 1,3 ming nomdagi tovariga import bojlar miqdorini oshirgan edi. Shu yo‘l bilan Vashington Xitoy bilan ko‘p milliardlik savdo defitsitini kamaytirishga erishmoqchi. Bundan tashqari AQSh Prezidenti Xitoy mahsulotlarining import bojlari miqdorini 100 milliard dollarga oshirish imkoniyatlarini aniqlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bunga javoban Xitoy Davlat kengashi Amerikaning 106 nomdagi mahsulotiga 25 foizlik import bojini kiritish bo‘yicha qaror qabul qildi. Mazkur hujjat Vashington tomonidan Xitoyning boshqa mahsulotlariga ham yangi bojlar qo‘yilishi e’lon qilinishi bilan kuchga kiradi. Qarordagi tovarlar ro‘yxatida soya, avtomobillar, samolyotlar, kimyoviy mahsulotlar ham bor bo‘lib, birgina shularning o‘zi o‘tgan 2017 yilda Qo‘shma Shtatlarga 50 milliard dollar olib kelgan.

Malohat Husanova, O‘zA
1 431