O‘zA O`zbek

10.07.2020 Chop etish versiyasi

Amerika zarbasi haqida gapirishga hali erta

Amerika zarbasi haqida gapirishga hali erta

Sharh

Fors koʻrfazi uzra yana urush chaqiriqlari yangray boshladi. Eronning yadroviy dasturi atrofidagi mashmashalar hali koʻp davom etadigan koʻrinadi. “Eron yadroviy quroli reallikka aylansa, Donald Tramp urush boshlash niyatida”, deydi AQSH Prezidentining Eron boʻyicha maxsus vakili Brayan Xuk.

Mazkur bayonot oʻziga xos lahzalarda berilgani bilan ahamiyatli. Xususan, dagʻdagʻalar BMT Xavfsizlik Kengashi AQSH tomonidan taklif etilgan Eron bilan qurol savdosi olib borishga qoʻyilgan xalqaro embargoni uzaytirish toʻgʻrisidagi rezolyutsiyani muhokama qilishni boshlagan bir paytga toʻgʻri keldi. Cheklov kuzga kelib oʻz nihoyasiga yetadi. Vashingtondagilar fikricha, bu choralar Eron rejimining ambitsiyalarini tiyib turuvchi eng muhim toʻsiqlardan biridir.

Maxsus vakil Xuk oʻz bayonotini Isroilda eʼlon qildi. U Bosh vazir Binyamin Netanyaxu bilan muzokaralar oʻtkazish uchun Quddusga keldi, bu mahalliy matbuotni hayratga soldi. AQSH vakilining ayni hal qiluvchi lahzalarda Isroilga nega kelgani matbuotni qiziqtirardi. Sababi oddiy: hozir Isroilning bosh siyosiy mavzusi – mamlakatni Iordan daryosining Gʻarbiy qirgʻogʻi hisobiga kengaytirish jarayonlaridir.

Ammo 1-iyuldan boshlanishi kerak boʻlgan jarayon ortga surildi. Mazkur hodisa oldidan Netanyaxu Amerikaning turli amaldorlari bilan maslahatlashuvlar oʻtkazmoqda. Ammo Xuk oʻz lavozimiga koʻra Isroil-Falastin munosabatlariga aloqador mansabdor emas. Netanyaxu esa Eron yadroviy tahdidini muhokama qilishga unda “hamisha vaqt topilishi”ni maʼlum qildi.

Xuk Isroilning 13news telekanaliga bergan intervyusida AQSH Prezidentining Eron rasmiylariga munosabati borasidagi siyosatiga toʻxtaldi. “Isroilliklar, amerikaliklar va xalqaro hamjamiyat shuni bilib qoʻyishlari kerakki, Prezident Tramp hech qachon ularga yadro quroliga ega boʻlishga yoʻl qoʻymaydi”.

Maxsus vakilning alohida eʼtibor qaratishicha, Amerika liderining Eronga qarshi urush boshlash rejasi “har doim stol ustida turadi” va mabodo Islom Respublikasi rasmiylari “chiziqni bosib oʻtishlari” bilan ishga tushadi.

Trampning maxsus vakili shu yil 26-iyunda yuz bergan hodisalar toʻgʻrisidagi savollarga javob berishdan bosh tortdi. Oʻshanda Tehron sharqidagi yadroviy poligon joylashgan Parchin tumanida portlash sodir boʻldi. Bu hududga yaqinda Eron MAGATE inspektorlarini qoʻymagan edi. Bundan tashqari, portlash Sheroz elektrostansiyasida ham roʻy berdi – shaharning mahalliy universitetida Eron yadroviy dasturi doirasidagi ishlanmalar olib borilayotgandi. Kuvaytning “Al Jarida” gazetasi oʻz manbalariga tayanib iddao qilishicha, Parchindagi portlash hech boʻlmaganda isroilliklar yoki amerikaliklarning harakatlari oqibatida roʻy bergan. Goʻyoki kompyuter virusi yordamida yadroviy obyekt uchun ishlatilgan texnik gaz rezervuari portlatilgan.

Xullas, Trampning niyatlari jiddiyligi toʻgʻrisida Brayan Xuk BMT Xavfsizlik Kengashida Eronga qurol yetkazib berish borasida qoʻyilgan va 18-oktyabrda muddati yakunlanadigan embargoni uzaytirish toʻgʻrisidagi Amerika rezolyutsiyasi muhokamasi boshlanayotgan paytga toʻgʻri keldi. Bu muhokamalar arafasida 30-iyun kuni Eron yadroviy dasturidan harbiy maqsadlarda foydalanishning oldini olish maqsadida tuzilgan 5+1 guruhi, yaʼni Rossiya, AQSH, XXR, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya vakillari videoaloqa tizimi orqali Islom Respublikasi atrofidagi vaziyatni muhokama etdilar.

AQSH Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, Vashington embargoning uzaytirilishidan manfaatdor. Aks holda, Eron Rossiyadan yangi harbiy samolyotlarni sotib oladi, oʻzining suvosti floti va raketa qoʻshinlarini zamonaviylashtiradi, yaʼni yadroviy qurolni nishonga yetkazish vositalariga ega boʻlib qoladi. Pompeo Tehron rasmiylarini shundoq ham Yaqin Sharqdagi ittifoqchilariga qurol yetkazib, embargoni buzayotganlikda aybladi. U Eronga mintaqada beqarorlik yaratish uchun fursat bermaslik kerakligi haqida gapirdi, chunki bu neft bozoriga taʼsir koʻrsatib, koʻplab davlatlarga, jumladan, Rossiya va Xitoyga ziyon yetkazadi. Lekin Pompeo hech kimni ishontira olmadi.

Rossiya va Xitoy vakillari AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiyani embargoni olib tashlashga chaqirdi. Amerika rezolyutsiyasi boʻyicha majlis qachon boʻlib oʻtadi, bu nomaʼlum. Ammo videokonferensiyadan keyin ayon boʻlmoqdaki, Xavfsizlik Kengashida doimiy aʼzolardan biri embargoga veto qoʻyishi ayon boʻlib turibdi. Oq uyda bu variantini ham nazardan qochirishmadi.

May oyida Wall Street Journal gazetasida bosilgan maqolada Xuk tasdiqlaganidek, agar Amerika rezolyutsiyasiga veto qoʻyilsa, u holda AQSH Eronga qarshi xalqaro sanksiyalarni boshqacha huquqiy asoslarda tiklashga urinadi. Jumladan, Tehronning Eron yadroviy dasturiga oid umumqamrovli qoʻshma harakatlar rejasi doirasida olgan majburiyatlarini qisqartirayotgani omilidan Vashington tashviqot quroli sifatida foydalanishi mumkin. AQSH buni Eronning “yadroviy bitimdan” chiqishi sifatida talqin etishi mumkin. Mabodo Eron mazkur bitimdan chiqadigan boʻlsa, u holda avvalgi amalda boʻlgan sanksiyalar paketining barchasi tiklanishi aniq. Jumladan, qurol savdosi taqiqi ham. Toʻgʻri, AQSH raqobatchilari, jumladan, Rossiya oldinroq bu mantiqning huquqiy nuqtayi nazardan asossizligini taʼkidlashgan.

Garchi Brayan Xukning hozirgi bayonotlari targʻibot ohangiga mos boʻlsa-da, Eronning haqiqatda yadro qurolini yaratish istiqbollari reallik kasb etsa, AQSH va Isroilning soʻnggi choralarga qoʻl urishga tayyorligini nazardan soqit qilib boʻlmaydi. Toʻgʻri, mabodo Eron umumqamrovli qoʻshma harakatlar rejasidan yuridik jihatdan chiqqudek boʻlsa, bu uning ertasi kuni atom bombasi yaratishini anglatmaydi. Bu ishga kamida besh olti yil vaqt ketadi. Demak, Amerika zarbasi haqida gapirishning hozir oʻrni emas, bu yaqin istiqbolning gapi.

Abduvali Soyibnazarov,

siyosiy sharhlovchi.


1 507
OʻzA