O‘zA O`zbek

10.10.2019 Chop etish versiyasi

Aktau shahrida “Gʻarib bilan Shohsanam” spektakli namoyish etiladi

Aktau shahrida “Gʻarib bilan Shohsanam” spektakli namoyish etiladi
2019-yil – Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili

Bugun Qozogʻiston Respublikasining Aktau shahrida “Avish Alemi” deb nomlangan I Xalqaro teatr festivali ochildi.

Mazkur xalqaro tadbir qozoq xalq yozuvchisi hamda davlat va jamoat arbobi Abish Kekilbayevning 80 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan boʻlib, ushbu yirik festival munosabati bilan Aktau shahriga Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, davlat va jamoat, madaniyat arboblari hamda qoʻshni davlatlardan, shu jumladan Oʻzbekistondan ham vakillar tashrif buyurgan.

A.Kekilboyev 1939-2015-yillarda yashagan mashhur qozoq yozuvchisi. Uning “Afsonaning tugashi” romani, “Unutilgan yillar balladasi”, “Quduq”, “Qirgʻoqdagi uy” kabi oʻnlab qissalari jahon adabiyotida muhim oʻrin egallagan. Yozuvchi “Turk dunyosida koʻrsatgan xizmatlari uchun” xalqaro mukofotiga loyiq koʻrilgan.

Festival Qozogʻistonning Mangistau viloyati musiqali drama teatrida ochilib, 14-oktyabrga qadar davom etadi. Unda nafaqat Qozogʻiston teatr jamoalari, balki Oʻzbekiston, Armaniston, Gruziya, Turkmaniston, Tojikiston kelgan sanʼatkorlar oʻz ijod namunalari bilan ishtirok etadi.

Oʻzbekiston Respublikasi nomidan festivalda ishtirok etayotgan Xorazm viloyati musiqali drama teatri tomonidan “Gʻarib va Shohsanam” spektakli namoyish etiladi. 2019-yil 13-oktyabr kuni tomoshabinlar hukmiga havola etiladigan ushbu sahna asari ssenariy muallifi Yunus Yusupov boʻlib, asar rejissyor Alisher Yoʻldoshev tomonidan sahnalashtirilgan.

“Gʻarib bilan Shohsanam” asari qahramonlari Shohsanam - Shoh Abbosning qizi, Gʻarib - uning vaziri Hasanning oʻgʻli. Bu ikki doʻst farzandlari voyaga yetgach quda-anda boʻlishga kelishishadi. Yigit va qiz ham bir-biriga koʻngil qoʻyadi. Biroq bu ittifoqni koʻra olmaganlar ularning orasiga nifoq solishga urinadi va buning uddasidan chiqadi. Oqibatda Gʻaribning otasi – Hasan oʻldiriladi. Oshiq-moshiqlar oʻrtasida ogʻir savdo boshlanadi...

Xorazmlik isteʼdodli sanʼatkorlar ijrosidagi ushbu ajoyib sahna asari namoyish etiladigan kunni shu yerda istiqomat qiluvchi oʻzbekistonliklar qatori qozogʻistonliklar ham intiq boʻlib kutmoqda.

Norgul Abduraimova,
Qozogʻiston-Aktau

693
OʻzA